Toshkentda yurt o‘g‘lonlari milliy armiya saflariga kuzatildi

0
1825

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 12-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi hamda belgilangan xizmat muddatini o‘tab bo‘lgan harbiy xizmatchilarni Qurolli Kuchlar rezerviga bo‘shatish to‘g‘risida”gi qarori asosida joriy yilning 1-mart kunidan boshlab fuqarolarni muddatli harbiy va safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga chaqirish tadbirlari boshlandi.

Qayd etish joizki, joriy yilgi chaqiruvdan boshlab fuqarolarni harbiy xizmatga chaqirishning soddalashtirilgan tartibini hayotga tadbiq etish maqsadida Prezidentimizning 2020-yil 6-martdagi “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini harbiy xizmatga chaqirish tartibini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori bilan “Fuqarolarni muddatli harbiy va safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga olish bo‘yicha komissiyalar faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom kuchga kirdi. Unga ko‘ra, chaqiriluvchilarning bir-birini takrorlaydigan tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun sarson bo‘lishlari va chaqiruv mavsumi davomida harbiy xizmatga ketishi yoki qolish masalalari hal etilmasdan oylab kutishga majbur bo‘lishlariga chek qo‘yildi.

Toshkent shahar va Toshkent viloyati Mudofaa ishlari boshqarmasi yig‘in punktlarida chaqiriluvchilarni muddatli harbiy xizmatga ilk yuborish tadbirlari tantanali tarzda o‘tkazildi. Unda Toshkent harbiy okrugi qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Zokirjon Sayfuddinov, nafaqadagi harbiy xizmatchilar, muddatli harbiy xizmatga yo‘l olayotgan o‘g‘lonlar va ularning ota-onalari, do‘stlari ishtirok etdi.

So‘zga chiqqanlar yigitlik burchini sharaf bilan o‘tashni ahd qilgan yurt o‘g‘lonlariga mustahkam sog‘lik, ona Vatan himoyasida sobitlik, ularning ota-onalariga esa mard va jasur yigitlarni tarbiyalab, voyaga yetkazgani uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.

– Mana shu safda ko‘plab er yigitlar qatori ko‘zimning oqu qorasi – farzandim ham borligidan behad xursandman, – dedi askar onalari nomidan so‘zga chiqqan Muhayyo Magdiyeva. – Men ham, o‘g‘lim ham respublikamizning istalgan nuqtasida o‘z yigitlik burchini o‘tashiga tayyormiz. Bizning duolarimiz sizlarni asraydi, aziz bolajonlarim. Sizlar esa Vatanni asrang! Bu yurt mard yigitlariga, jasur o‘g‘lonlariga suyanadi. Oy borib, omon qayting.

– Biz Vatan oldidagi muqaddas burchimizni sharaf bilan ado qilish, oldimizga qo‘yilgan vazifalarni bajarish va harbiy saboq olish uchun Qurolli Kuchlar safiga chaqirildik, – deydi chaqiriluvchi Shohakbar Shavkatov. – Bu safda turish uchun katta sinovlardan o‘tdik. Biz endi Vatan himoyachisi degan ulug‘ sharafga muyassar bo‘lishga juda yaqinmiz. Men va safdoshlarimga mana shunday mas’uliyatli vazifani ishonib topshirishganidan minnatdorman.

Tantanali tadbir so‘nggida chaqiriluvchilarga esdalik sovg‘alari berildi. Xushovoz xonandalar tomonidan Vatanni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar yangradi va o‘zbekona dasturxon yozilib, duoga qo‘l ochildi.

Milliy armiyamiz saflariga yo‘l olayotgan yigitlar ko‘zidagi ishonch, ota-ona, qavmu qarindoshlar qalbidagi g‘urur, do‘stlar tili-yu dilidagi havas… Tantanali tadbirning qisqa, ayni damda muhim annatatsiyasi shu edi aslida.

Katta leytenant Islomjon QO‘ChQOROV,
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar depar
tamenti