“Vatan tayanchi” harakati tashkil etilgan kun tantanali nishonlandi

0
1880

Bugun, 2-mart “Vatan tayanchi” bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakati tashkil topgan kuni munosabati bilan Bo‘ka tumanidagi Prezident maktabida tantanali tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Tadbir yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga doir ishlar samaradorligini oshirish va faollashtirish, bu boradagi taʼlim-tarbiyaviy ishlarga mamlakatimiz fuqarolarini, davlat va nodavlat-notijorat tashkilotlarini hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini yanada faol jalb etish va yoshlar ongiga vatanparvarlik, mardlik tuygʻularini singdirish maqsadida tashkil etildi.

Unda Bo‘ka tumani hokimligi, viloyat Mudofaa ishlari boshqarmasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Bo‘ka tumani Kengashi, Zangiota tumanida joylashgan aloqachilar harbiy qismi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Toshken viloyat kengashi, Toshkent viloyati Qo‘riqlash boshqarmasi hamda  jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Dastlab otryad a’zolariga “Vatan tayanchi” koʻkrak nishonlari va guvohnomalari tantanali tarzda topshirildi. Shundan so‘ng, Xalqaro xotin-qizlar bayrami munosabati bilan “Vatan tayanchi” otryad a’zolari onalariga bayram tuhfasi sifatida gullar va esdalik sovg‘alar ulashdi.

Tadbirning rasmiy qismidan so‘ng Toshkent harbiy okrugi qo‘mondonligi tomonidan konsert dasturlari, faxriy qorovulning saf namoyishlari hamda o‘quvchi yoshlarning turli chiqishlari namoyish qilindi. Shuningdek, bir guruh faol yoshlarga faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti