Nukus garnizonida umidli paralimpiyachilarimiz bilan uchrashuv o‘tkazildi

0
1390

Yurtimizda yoshlarga berilayotgan keng imkoniyatlar, iqtidorini namoyon etish uchun yaratilayotgan zamonaviy sharoitlar ularning sport sohasida ulkan marralarni zabt etishiga zamin yaratmoqda. Shu o‘rinda, jismoniy imkoniyati cheklangan, sog‘ligida tug‘ma nuqsonlar mavjud yosh avlod qatlami ham bu e’tibordan chetda qolmagani, ularning parasport sport turlari bo‘yicha katta yutuqlarni qo‘lga kiritayotganidan dalolat bermoqda.

Mamlakatimiz dovrug‘ini dunyoga tanitish borasida yoshlarning qo‘lga kiritgan yutuqlarini, ularning ibratli hayot tarzini targ‘ib qilish orqali mardlik va vatanparvarlik, ona Vatanga sadoqat tuyg‘ularini kamol toptirish, yoshlarni parasport turlariga keng jalb qilish va ushbu sport turlarini rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2022-yilda qabul qilingan “Paralimpiyachilarning matonat maktabi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori muhim ahamiyat kasb etdi.

Qaror bilan yoshlar, shu jumladan jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarning qo‘lga kiritgan yutuqlari, ularning ibratli hayot tarzini targ‘ib qilish, yoshlarda halollik, vijdoniylik, vatanparvarlik, sadoqat, fidokorlik singari shaxs sifatlarini, shuningdek, milliy g‘urur tuyg‘ularini shakllantirishga ko‘maklashish kabi ustuvor vazifalar belgilangan.

 

 

Ushbu ustuvor vazifalarni bajarish hamda jismonan imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘la turib, parasport sohasida yuksak natijalarga erishayotgan yurtdoshlarimizning matonatini keng targ‘ib etish maqsadida Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi, Mudofaa vazirligi Oliy sport natijalarini rivojlantirish markazi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda Nukus shahar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi bilan hamkorlikda O‘zbekiston Milliy paralimpiya terma jamoalari a’zolari, qoraqalpog‘istonlik parasportchilar bilan “Yangi O‘zbekiston – yangi g‘alabalar sari” nomli uchrashuv o‘tkazildi. Unda qoraqalpog‘istonlik o‘quvchilar, muddatli harbiy xizmatchilar hamda Nukus shahrida joylashgan 10-sonli “Nurli makon” maktab-internatining jismoniy imkoniyati cheklangan yoshlari ishtirok etdi.

Jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar va yoshlar orasida doimiy ravishda sport musobaqalarini o‘tkazish orqali iqtidorli sportchilarni saralab olish va milliy terma jamoalar tarkibiga jalb etish, Matonat maktabi sportchilarining natijalarini aholi o‘rtasida keng targ‘ib etish, yoshlarning ongu tafakkuriga Vatan himoyasi sharafli va muqaddas burch ekani, milliy armiyamiz bilan faxrlanish tuyg‘ularini yanada shakllantirishga qaratilgan uchrashuvda parasportchilar mashaqqatli va matonatli yo‘l bilan erishib kelayotgan yuksak natijalarni qo‘lga kiritishdagi qiyinchiliklar haqida so‘zlab, o‘zida kuchli irodani shakllantirish bo‘yicha yoshlarga motivatsiya berishdi.

Tadbirda para yengil atletika bo‘yicha O‘zbekiston Milliy terma jamoasi a’zosi, Karimbay Iskanderov, para pauerlifting bo‘yicha Davron Qutlimuratov va Shaxnoza Xudayberganova, para stol tennisi bo‘yicha Ruslan Xalmuratov, para taekvondon bo‘yicha Aynura Tursinboyeva, shuningdek, yengil atletika bo‘yicha xalqaro toifadagi sport ustasi, Mudofaa vazirligi sportchisi Bobur Shokirjonov va “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti sohibi, Nukus garnizonida xizmat qilayotgan kichik serjant Asliddlin Nurmamatov so‘zga chiqib, ushlarni yuksak marralar sari ruhlantirishdi. Yangi O‘zbekiston yoshlari hech kimdan kam emasligini namoyish qilishga undashdi.

Uchrashuvning madaniy qismida Nukus garnizoni harbiy orkestri tomonidan namoyish etilgan konsert dasturi, muddatli harbiy xizmatchilarning qo‘l jangi va saf elementlari bilan ko‘rgazmali chiqishlari barchaga hushkayfiyat ulashdi.

Tadbirdan keyin mehmonlar Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug tarixi muzeyi hamda yaqindagina kapital ta’mirdan chiqqan zamonaviy sport majmuaga ekskursiyasi tashkil etildi.

Harbiy sport rivoji uchun yaratilgan keng imkoniyatlar, yurt himoyachilari va yoshlarning turli sport yo‘nalishlari bilan shug‘ullanishiga ko‘rsatilayotgan e’tibor mehmonlarda katta taassurotlar qoldirdi.

 

Uchrashuv so‘ngida mehmonlarga harbiy okrug qo‘mondonligining esdalik sovg‘alari berildi.

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati