Namanganda “Jasorat maktabi” yig‘inining ilk mavsumi yakunlandi

0
1526

Namangan shahridagi Chaqiriluvchilarni harbiy texik mutaxassisliklar bo‘yicha tayyorlash markazida joriy yildagi “Jasorat maktabi” harbiy-vatanparvarlik o‘quv yig‘inining ilk mavsumi yakunlandi.

Yuqori saviyada o‘tkazilgan yig‘in davomida yoshlar kelajak hayotlarini o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan kasb-hunarlarni egallash bilan bir qatorda, harbiycha kun tartibi va mashg‘ulotlarda toblandi. Yig‘in ishtirokchilari bilan turli uchrashuvlar, seminar-treninglar, sport musobaqalari hamda turli tadbirlarning o‘tkazilishi ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga xizmat qildi. Bir so‘z bilan “Jasorat maktabi” yigitlarning haqiqiy hayot maktabiga aylandi.

Yig‘in davomida 50 dan ortiq yoshlar muddatli harbiy xizmatga borish istagini bildirib, tegishli tuman va shahar Mudofaa ishlari bo‘limlarida ro‘yxatlari shakllantirildi. 30 dan ortiq ishtirokchilar tadbirkorlik va hunarmadchilik sohalarida o‘z ishlarini boshlashga qaror qildi. Eng muhimi harbiy o‘quv yig‘inida qatnashgan barcha yoshlarning ota-onasi va yaqinlariga bo‘lgan mehri, Vatanga bo‘lgan hurmati va e’tibori yanada ortdi, dunyoqarashi o‘zgardi.

Joriy mavsumning yakuniga bag‘ishlangan tantanali tadbirda okrug qo‘mondonligi, viloyat hokimligi, Yoshlar ishlari agentligi, faxriylar, ota-onalar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Tadbir davomida yig‘in ishtirokchilariga maxsus sertifikatlar, esdalik sovg‘alari hamda ularning ayrimlariga belgilangan tartibda harbiy guvohnomalar ham topshirildi.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati