“Vatanparvar” tashkiloti va “SamAuto” MChJ qo‘shma korxonasi hamkorlik qiladi

0
992

O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi raisi Husan Botirov va “SamAuto” MChJ qo‘shma korxonasi bosh direktori o‘rinbosari Ilhomjon Yarashev boshchiligida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda “Vatanparvar” tashkilotining respublika bo‘ylab faoliyat yuritayotgan 200 dan ortiq o‘quv muassasalari uchun “SamAuto” zavodida ishlab chiqarilgan yuk avtomobillari xarid qilinishi masalasi muhokama qilindi. Ushbu transport vositalaridan o‘quv muassasalarining avtomototransport haydovchilarini tayyorlash kurslarida “C” toifasi bo‘yicha tahsil olayotgan fuqarolar amaliy mashg‘ulotlarda foydalanishlari rejalashtirilmoqda.

Uchrashuv davomida qo‘shma korxona vakillariga tashkilotning haydovchilik va boshqa texnik kasblarga o‘qitish bo‘yicha keng imkoniyatlari to‘g‘risida ma’lumotlar berildi. Shuningdek, uchrashuvda kelgusida fuqarolarni haydovchilik kasbiga o‘qitish bo‘yicha hamkorlikdagi ishlarni bosqichma-bosqich amalga oshirishga kelishib olindi.

“Vatanparvar” tashkiloti o‘quv muassasalarida fuqarolar 32 yildan buyon haydovchilikning barcha toifalari bo‘yicha o‘qitib kelinadi. Bundan tashqari, 2023-yilning sentabr oyida “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi o‘rtasida imzolangan hamkorlik memorandumiga ko‘ra, xorijda vaqtincha yuk mashinasi haydovchisi sifatida ishlash istagida bo‘lgan fuqarolar tashkilot o‘quv muassasalarida “CE” toifalari bo‘yicha o‘qitilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi
“Vatanparvar” tashkiloti matbuot xizmati