Yoshlar masalasi — davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishi

0
835

Har qanday davlatning tarixiy taraqqiyot yo‘lidan ma’lumki, yurtning jadal rivojlanishi, muayyan yutuqlarga erishishi, xalqning farovon bo‘lishi o‘sha davlatda yoshlar ta’lim-tarbiyasi va kelajagiga beriladigan e’tibor darajasiga bog‘liqdir. Shu  bois ham O‘zbekistonda yoshlar masalasi davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu borada, ayniqsa, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan ishlar muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda.

Ushbu maqsadlar yo‘lida Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik muhandislik bilim yurti rahbariyati va harbiy xizmatchilari muntazam ravishda Toshkent viloyati yoshlari bilan bir qator madaniy-ma’rifiy va profilaktik tadbirlar o‘tkazib kelmoqda. Ana shunday tadbirlardan navbatdagisi Qibray tumanida joylashgan mahallalarda “Xalq va armiya  — bir tanu bir jondir!” shiori ostida kechdi. Tadbirda bilim yurti harbiy xizmatchilari, Qibray tuman hokimligi va Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi vakillari ishtirok etishdi.

Festival doirasida Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik muhandislik bilim yurti boshlig‘I 1-toifaga kiruvchi yoshlar bilan suhbat o‘tkazdi. Suhbat davomida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga, shuningdek, muammoli masalalariga aniq yechim va ko‘rsatmalar olishdi.

Bundan tashqari, yoshlar va harbiy xizmatchilar o‘rtasida sportning arqon tortish, tosh ko‘tarish, mini futbol va darts turlari bo‘yicha musobaqa o‘tkazildi. G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan munosib rag‘batlantirildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti