Qo‘mondon “Jasorat maktabi” yig‘ini ishtirokchilari bilan uchrashdi

0
1232

Namangan shahridagi Chaqiriluvchilarni harbiy texnik mutaxassisliklar bo‘yicha tayyorlash markazida boshlangan “Jasorat maktabi” o‘quv yig‘ini yuqori saviyada davom etmoqda.

Yig‘in davomida yoshlar kelajak hayotlarini o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan kasb-hunarlarni egallash bilan bir qatorda, harbiycha kun tartibi va mashg‘ulotlarda toblanishmoqda. Bundan tashqari, yig‘in ishtirokchilari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar, seminar-treninglar, sport musobaqalari hamda turli ko‘ngilochar tadbirlar ularning o‘ziga bo‘lgan ishonchini yanada oshirib, o‘z oldiga ulkan maqsadlar qo‘yishiga zamin yaratmoqda.  

Jumladan, navbatdagi “Qo‘mondon va yoshlar” uchrashuvi ham ayni shu maqsadlarga qaratildi. Samimiy ruhda o‘tkazilgan tadbirda Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni general-mayor Aybek Saidov, viloyat hokimligi, Yoshlar ishlari agentligining Namangan viloyat boshqarmasi, o‘quvchi yoshlar, yig‘in ishtirokchilari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Qo‘modon va yoshlar o‘rtasidagi ochiq muloqotlar qiziqarli savol-javoblarga boy bo‘ldi. Suhbatlar davomida harbiy soha, qo‘mondonning hayot yo‘li, yoshlarga yaratilayotgan sharoitlar kabi mavzularda so‘z yuritilib, yigitlarning kelgusidagi rejalari muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida bir guruh faol yoshlar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

 Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati