“Vatanparvar” tashkiloti yoshlarga imkoniyatlar eshigini ochmoqda

0
1466

O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi raisi Husan Botirov xizmat safari bilan Buxoro va surxondaryo viloyatlarida bo‘lib, soha yo‘nalishi bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni o‘rgandi.

Tashkilot raisi Buxoro viloyatiga safarida dastlab viloyat kengashi tasarrufidagi O‘quv sport texnika klubining yangidan barpo etilayotgan binosini ko‘zdan kechirdi. Shundan so‘ng, “Gala-Osiyo” mahalla fuqarolar yig‘inida “Mahalla yettiligi” vakillari bilan suhbatda bo‘lib, “Vatanparvar” tashkiloti o‘quv muassasalarining avtomototransport haydovchilarini tayyorlash kurslarida yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlarga to‘xtaldi.

Shuningdek, “Vatanparvar” tashkiloti rahbari Buxoro shahrida pnevmatik quroldan o‘q otish bo‘yicha o‘tkazilgan O‘zbekiston kubogining birinchi bosqich musobaqasi g‘oliblari va sovrindorlarini taqdirladi. Tadbir doirasida Buxoro viloyati kengashi tasarrufidagi Texnik va amaliy sport turlari markaziga, shuningdek, Qorako‘l, Vobkent hamda Jondor tumani O‘quv sport texnika klubiga yuk va yengil avtomobillari tantanali ravishda topshirildi.

Tashrifning ikkinchi kunida Husan Botirov Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanida o‘tkazilgan motokross bo‘yicha O‘zbekiston ochiq chempionati va birinchiligi musobaqalari hamda “Ipak yo‘li – 2024” xalqaro musobaqasining ochilish marosimida ishtirok etdi. Shuningdek, rahbar Boysun, Jarqo‘rg‘on, Denov, Uzun tumanlari O‘quv sport texnika klublari va Denov hamda Termiz avtomobil maktabiga yuk va yengil avtomobillarni tantanali ravishda topshirdi.

“Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi raisi uch kunlik xizmat safari davomida Buxoro va Surxondaryo viloyatlari kengashlarining yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ular orasida sportning texnik va amaliy turlarini ommalashtirish, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb mutaxassislarini tayyorlash hamda moliyaviy-xo‘jalik yo‘nalishlari bo‘yicha faoliyatlarini tahlil qilib, rahbarlariga yuqori samaradorlikka erishish bo‘yicha tegishli topshiriqlarni berdi.

O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi
“Vatanparvar” tashkiloti matbuot xizmati