Samarqandda “Jasorat maktabi” yigʻini nihoyasiga yetdi

0
1184

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan “Jizzax tajribasi” loyihasi doirasida yoshlarni toʻgʻri yoʻlga qaytarish, kasb-hunarga o‘qitish, hamda ularning maʼnaviyati va madaniyatini yuksaltirish maqsadida tashkil etilgan “Jasorat maktabi” loyihasi bugun minglab yoshlarimizning hayot maktabiga aylandi.

10 kun davomida egniga harbiy libos kiyib, harbiycha hayot kechirgan va o‘z kelajagi uchun kasb-hunar o‘rgangan samarqandlik 100 nafar yoshlar uchun ham “Jasorat maktabi” haqiqiy hayot maktabiga aylanib, o‘zlarida vatanparvarlik tuygʻularini yanada oshirdi.

Jumladan, oʻn kun davomida yigitlar bilan jangovar, sport oʻyinlari, maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlik, IT-texnologiyalari, tadbirkorlik hamda kasb-hunar boʻyicha mashgʻulotlar, turli koʻrik-tanlovlar oʻtkazildi.

Bugun, 28-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Kichik mutaxassislar tayyorlash markazi negizida o‘tkazilgan yig‘inning tanatanali yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda okrug qo‘mondonligi, viloyat hokimligi, kuch tuzilmalari, Yoshlar ishlar agentligi va Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi vakillari, yoshlarning ota-onalari qatnashdi. Tadbirda so‘z olganlar yigʻin bitiruvchilarini samimiy tabriklab, ularning kelgusidagi ishlariga omad tiladi.

Shuningdek, marosimda yoshlarga egallagan mutaxassisligi boʻyicha sertifikatlar, sport musobaqalari hamda koʻrik-tanlovlarda gʻolib boʻlganlarga tashkilotchilarining kubog, diplom va qimmatbaho sovgʻalari topshirildi.

Harbiy orkestr va viloyatning taniqli san’atkorlari ijrosidagi konsert dasturlari hamda harbiy xizmatchilarning sahna ko‘rinishlari yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati