Qashqadaryoda dzyudo bo‘yicha mudofaa vaziri kubogi uchun musobaqa bo‘lib o‘tdi

0
2133

Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida joylashgan “Geolog” sport sog‘lomlashtirish markazida viloyatdagi kuch tuzilmalari harbiy xizmatchilari va yoshlar o‘rtasida sportning dzyudo turi bo‘yicha mudofaa vaziri kubogi uchun musobaqa o‘tkazildi. Yoshlar o‘rtasida kechgan bahslarda viloyatning barcha ta’lim muassasalari va sport klublaridan sportchilar kuch sinashishdi.

Dastlab murabbiylarga musobaqaning shaffof va yuqori saviyada o‘tishini ta’minlash maqsadida ko‘rsatmalar berildi. Shundan so‘ng bir tomonda kuch tuzilmalari harbiy xizmatchilari, boshqa gilamda esa viloyatning barcha tumanlaridan jam bo‘lgan yosh sportchilar bahslarga kirishdi.

Malakali mutaxassislar nazorati ostida kechgan bellashuv qatnashchilari kuch tuzilmalari o‘rtasida 60, 66, 73, 81, 90, +90 kg hamda yoshlar o‘rtasida 55, 60, 66, 73, 81, +81 kg vazn toifasida maydonga tushdi.

Kun davomida yuqori tayyorgarligi, epchilligi va mahorati bilan barcha raqiblarini yengib, g‘oliblikni qo‘lga kiritgan sportchilar tashkilotchilar tomonidan diplom, medal va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandilar.

Shuningdek, musobaqani tashkillashtirish va o‘tkazishda yaqindan yordam bergan mutasaddilarga Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘mondonligi tomonidan tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati