O‘zbekiston harbiylari Pokistonda o‘tkazilayotgan VII Xalqaro «Jamoa ruhi» musobaqasida ishtirok etmoqda

0
1062

25-fevral kuni Pokiston Qurolli Kuchlariga qarashli Pabbi shahridagi milliy o‘quv markazida Quruqlikdagi qoʻshinlar boʻlinmalari ishtirokidagi VII Xalqaro «Jamoa ruhi» musobaqasining rasmiy ochilish marosimi o‘tkazildi.

Xalqaro xavfsizlikni ta’minlashda hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan va umumiy hisobda 60 soatlik mashg‘ulotlarni o‘zida jamlagan mazkur musobaqa 2018-yildan xalqaro darajada Pokiston Qurolli Kuchlari Quruqlikdagi qo‘shinlari tomonidan o‘tkazib kelinadi.

Musobaqaning 2024-yildagi navbatdagi bosqichida 23 ta jamoa ishtirok etmoqda. Jumladan,  Pokiston, Bahrayn, Iordaniya, Qozogʻiston, Saudiya Arabistoni, Maldiv, Marokash, Qatar, Shri-Lanka, Tailand, Turkiya, AQSh va Oʻzbekiston jamoalari asosiy ishtirokchi sifatida, Ozarbayjon, Belarus, Xitoy, Myanma, Germaniya, Indoneziya, Yaponiya va Omon harbiy kuzatuvchi maqomida qatnashmoqda.

Musobaqa shartlariga ko‘ra, jamoalar bir necha kilometrgacha bo‘lgan marshrutning belgilangan nuqtalari bo‘yicha harakatlanib, maxsus taktik, otish, tibbiy, aloqa, muhandislik tayyorgarligi, harbiy topografiyadan turli maxsus mashqlarni bajarish, shuningdek, tunda oriyentirlash, suvli toʻsiqlardan oʻtish, dushman ortiga yashirin oʻtish va harakatlanish, artilleriya olovini yoʻnaltirish, pistirmani tashkillashtirish va pistirmadan chiqish, minalashtirilgan maydondan oʻtish, aviahalokatga uchragan vertolyot ekipajiga birinchi yordam koʻrsatish, vyertolyotdan arqon yordamida tushish, radiatsion, kimyoviy va bakteriologik himoyalanish kabi bellashuvlarda bahs olib borishadi.

Ta’kidlash lozimki, so‘nggi yillarda o‘zbekistonlik harbiylar qator xalqaro musobaqalarda yuqori o‘rinlarni egallab kelmoqda. Mazkur musobaqada ham 2021-yildan boshlab ishtirok etishni boshlagan O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi jamoasi 2021-, 2022- va 2023-yillarda faxrli birinchi o‘rinni egallashga muyassar bo‘lgan.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti