Xalqaro musobaqada o‘zbekistonlik sportchilar g‘olib bo‘ldi

0
960

Joriy yilning 23—25-fevral kunlari Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanida joylashgan “Qizilmozor” mototrassasida O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti tomonidan sportning motokross turi bo‘yicha O‘zbekiston chempionati va birinchiligining 1-bosqichi hamda “Ipak yo‘li kubogi – 2024” xalqaro musobaqalari o‘tkazildi.

Respublikamizning turli hududlari va xorij davlatlaridan bellashuvlarda ishtirok etgan 120 nafardan ziyod sportchilar turli hajmdagi motosikllarda belgilangan masofalarni bosib o‘tib, marra sari harakatlandi.

Qizg‘in va murosasiz kechgan chempionatning poyga bahslari yakuniga ko‘ra, umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni Toshkent viloyati sportchilari egalladi. Buxoro viloyati jamoasi ikkinchi o‘ringa munosib ko‘rilgan bo‘lsa, Toshkent shahri jamoasi uchinchi o‘rinni band qildi.

Shuningdek, Italiya, Xitoy, Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi, Tojikistondan kelgan 25 nafar sportchilar hamda hamyurtlarimiz bellashgan “Ipak yo‘li kubogi – 2024” xalqaro musobaqasi umumjamoa hisobida quyidagi natijalar bilan yakunlandi:

1-o‘rin — O‘zbekiston;
2-o‘rin — Qozog‘iston;
3-o‘rin — Rossiya Federatsiyasi.

G‘olib va sovrindorlar “Vatanparvar” tashkilotining diplom, medal va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi
“Vatanparvar” tashkiloti matbuot xizmati