Samarqandlik yoshlar “Jasorat maktabi”da toblanmoqda

0
1105

Qurolli Kuchlar Kichik mutaxasislarni tayyorlash markazida 100 nafar samarqandlik yoshlar ishtirokida tashkil qilingan 10 kunlik “Jasorat maktabi” o‘quv yig‘ini yuqori saviyada davom etmoqda.

Yigitlar kun davomida jismoniy, jangovar va saf tayyorgarligi kabi o‘quv mashg‘ulotlarida, shuningdek, dunyo va mintaqadagi harbiy-siyosiy vaziyat tahlillariga qaratilgan darslarda ishtirok etib, bilim va ko‘nikmalarini oshirmoqda.

Bundan tashqari, Samarqand shahridagi “Ishga marhamat” monomarkaz mutaxassislari tomonidan yoshlarning bandligini ta’minlashga qaratilgan amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilib, unda yoshlar santexnika, duradgorlik, chilangarlik, avtomobillarga xizmat ko‘rsatish, kompyuter savodxonligi kabi mashg‘ulotlarda o‘zlarini sinab ko‘rdi.

Yig‘in doirasida yoshlarni harbiy-vatanparvalik ruhida tarbiyalash, tinch va osoyishta hayotning qadriga yetish, uni asrab-avaylash kabi tushunchalarni kengroq anglatish hamda yoshlar siyosatiga oid qonun hujjatlarining mazmun-mohiyatini to‘g‘ri yetkazish maqsadida turli uchrashuvlar va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga alohida e’tibor qaratilgan. Ayniqsa, ona Vatanni va tinchlikni ulug‘lovchi filimlar namoyishi hamda hayot maktabi sifatida o‘rnak bo‘la oladigan teatr tomoshalari va konsert dasturlari yoshlarga manzur bo‘lmoqda.

Ayni vaqtda yigitlarning mashg‘ulotlarni mukammal o‘rganishga va mustaqil hayotga dadil qadam tashlashga bo‘lgan ishonchi ortgan.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati