Samarqand viloyati bo‘ylab vatanparvarlik festivallari o‘tkazildi

0
1009

Yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda yurt tinchligi yo‘lida dahldorlik hissini oshirish maqsadida Samaqarnd viloyati bo‘ylab keng ko‘lamli vatanparvarlik festivallari o‘tkazildi.

Jumladan, Kattaqo‘rg‘on tumanida erta tongdan harbiy orkestr sadolari ostida “Sog‘lom hayot uchun besh ming qadam!” shiori ostida yurish marafoni bo‘lib o‘tdi. Tadbirda tuman hokimligi, harbiy xizmatchilar, aholi yoshlari ishtirok etdi.

Samarqand shahrida joylashgan 53-sonli umumta’lim maktabida “Yangi O‘zbekiston armiyasi – mamlakat qudrati, yuksak g‘urur va sadoqat timsolidir!” shiori ostida o‘tkazilgan harbiy-vatanparvarlik festivalida esa harbiy xizmatchilar tomonidan qo‘l jangi hamda faxriy qorovulning ko‘rgazmali chiqishlarini namoyish etildi. Mazkur tadbir yoshlarda Vatanga sadoqat hamda mardlik hissini yanada oshirgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Bu borada Qurolli Kuchlar Kichik mutaxassislar tayyorlash markazi targ‘ibot guruhi a’zolari ham bir qator sa’y-harakatlarni amalga oshirdi. Harbiy xizmatchilar Urgut tumanida joylashgan 81-sonli umumta’lim maktabida bo‘lib, “Vatan – muqaddas, uni himoya qilish sharafli burchdir!” shiori ostida tadbirlar tashkil qildi.

Tadbirlarda milliy armiyamizning bugungi qiyofasi, unda xizmat qilishning oʻziga xosligi, harbiy xizmatchilarga berilayotgan imtiyozlar hamda yoshlarni ijtimoiy qo‘llab quvvatlash borasida amalga oshilayotgan islohotlar xususida ma’lumotlar berilib, harbiy xizmatchilarning turli sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati