Faxriylar doimo e’tibor va e’zozda

0
750

Mamlakatimizda keksalarning muammolarini manzilli o‘rganish va bartaraf etish, xususan, Qurolli Kuchlar faxriylarining boy hayotiy tajribasidan oilalar va mahallalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni barqarorlashtirishda keng foydalanish, ularning yurtimizda kechayotgan jadal islohotlar jarayonida faol ishtirok etishlarini ta’minlashga alohida e’tibor qaratiladi. Bu borada Markaziy harbiy okrugda ham keng ko‘lamdagi chora-tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda.

Xususan, Navoiy viloyati Faxriylar kengashi va viloyat Jamoatchilik kengashi vakillari hamda bir guruh harbiy xizmatchilar uzoq yillar davomida milliy armiyamiz saflarini butlashda munosib hissa qo‘shib kelgan istefodagi podpolkovnik Nemat Boboyev xonadonida bo‘lib, uning holidan xabar oldi.

Asli nurotalik bo‘lgan Nemat Boboyev 1974—1978-yillar davomida Samarqand oliy harbiy avtomobil-muhandislik bilim yurtida tahsil olib, 1987-yilga qadar yigitlik burchini turli lavozimlarda o‘tab kelgan. 1987-yildan respublikamning turli hududlarida Mudofaa ishlar bo‘limi va boshqarmalarida rahbarlik qildi.

Suhbat jarayonida davlatimiz mustaqillikka erishgach, Qurolli Kuchlarni mard va jasur og‘lonlar bilan butlash vazifasi juda og‘ir kechgani eslab o‘tildi. Qahramonimiz ana shunday qiyinchiliklar evaziga milliy armiyamizning salohiyati yuksak darajaga ko‘tarilgani, harbiy xizmatchilarimizning bugungi kunda erishayotgan yutuqlarida o‘zining ham hissasi borligidan faxrlanishini yashirmadi.  

Bir so‘z bilan aytganda, insonni mehnat ulug‘laydi. Umrining 31 yilini harbiylik kasbiga bag‘ishlagan Nemat Boboyevning hayot yo‘li bugungi yosh avlod uchun haqiqiy ibrat maktabidir.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati