Harbiy okrugda “Qoraqalpoq tili”ga hurmat va ehtirom koʻrsatildi

0
629

Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazida 1-dekabr – Qoraqalpoq tiliga davlat tili maqomi berilganligining 32 yilligi munosabati bilan “Martabang baland boʻlsin, ona tilim!” mavzusida tantanali tadbir oʻtkazildi.
Tadbirni Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonining birinchi oʻrinbosari polkovnik Dilshod Ilxomov tabrik soʻzi bilan ochib, qoraqalpoq xalqini til bayrami bilan samimiy qutladi.
Yer yuzida sakkiz mingga yaqin tillar bor. Tillarning mavjudligi xalqning borligini anglatadi. Qoraqalpoq xalqi oʻzining shonli tarixi, madaniyati va beqiyos sanʼatiga ega boʻlgan xalqlardan biridir.
Qoraqalpoq xalqining uzoq yillik oʻtmishiga nazar soladigan boʻlsak, odamlar Amudaryo deltasi va Orol, Kaspiy dengizlari boʻylarida yashay boshlagan bir davrdan boshlanadi. Qoraqalpoq xalqining etnik shakllanishi miloddan avvalgi 7-4 asrlarda Amudaryo deltasi va Orol, Kaspiy boʻyi choʻllarida istiqomat qilgan sak-massaget hamda savromat-sarmat qabilalariga borib taqaladi. Asrlar osha mangʻit, qiyat, qoʻngʻirot, nayman, katagan kabi katta urugʻ birlashmalari tuzilib, XV-XVI asrlarda qoraqalpoq ulusi tuziladi. Oʻsha davrda Orol dengizi atrofida, Jayxun va Sayxun daryolari boʻyida qoraqalpoqlar xalq boʻlib shakllanib, oʻzining hududi, tili va madaniyatini rivojlantiradi.

1989-yil 1-dekabr sanasida qoraqalpoq tiliga davlat tili maqomi berildi. Tantanali tadbir davomida maʼruzachilar qoraqalpoq xalqining boy madaniy merosi, xususan, xalq ogʻzaki ijodi, adabiyoti haqida alohida toʻxtalib, Kunxoʻja, Ajiniyaz, Berdaq, Oʻzbekiston qahramonlari Ibrayim Yusupov, Toʻlepbergen Qayipbergenovlar ijodiyotini yodga olishdi.
Tadbirning badiiy qismida qoraqalpoq sanʼati sahna uzra namoyon etildi. Yaqinda 65 yillik yubileyini nishonlagan “Ayqulash” Qoraqalpoq davlat milliy folklor ansamblining raqqoslari tomonidan ijro etilgan milliy raqslar, Berdaq nomidagi qoraqalpoq davlat universiteti talabalari va Nukus shahar 44-sonli maktabning oʻquvchilari hamda muddatli harbiy xizmatchilarning sheʼriy tabrigi, Oʻzbekiston davlat filarmoniyasi Qoraqalpogʻiston boʻlinmasining xushovoz xonandalari va harbiy orkestr jamoasining Vatan madhini kuylovchi kuy va qoʻshiqlari tomoshabinlarga joʻshqin kayfiyat bagʻishladi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati