Chirchiqda talabalar bilan “Harbiy qismda bir kun” loyihasi o‘tkazildi

0
1734

Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning harbiy sohaga boʻlgan qiziqishlarini yanada oshirish maqsadida Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurtida “Harbiy qismda bir kun” loyihasi o‘tkazildi. Loyiha Toshkent harbiy okrugi va Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamkorligida tashkil etilib, unda talaba yoshlar va mahalla faollari ishtirok etdi.

Tadbir ishtirokchilari dastlab bilim yurtida harbiy xizmatchilar va kursantlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishtirildi. Ayniqsa, bilim yurti muzeyi talabalarda katta taassurot uyg‘otdi.

Kun yarmida loyihaning asosiy qismi “Chirchiq” okrug poligoniga ko‘chdi. Talabalar poligon hududida o‘rnatilgan koʻrgazmali va amaliy oʻquv nuqtalarida bo‘lib, qurol-aslaha va harbiy texnikalarni o‘rgandi. Harbiy xizmatchilar tomonidan namoyish etilgan koʻrgazmali qoʻl jangi chiqishlari ham shular jumlasidan.

Shuningdek, tadbir doirasida talabalar o‘rtasida turnikda tortilish, tosh ko‘tarish, “PKST” trenajyoridan oʻq otish, pichoq uloqtirish bellashuvlari o‘tkazildi. G‘olib va sovrindorlar esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Toshkent harbiy okrugi matbuot xizmati