Yoshlar bilan manzilli va tizimli ishlash — samaradorlik ortmoqda

0
1613

Joriy yilning yanvar oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida yoshlar bilan ishlash tizimini takomillashtirish, xususan, yosh avlodning qalbi va ongi uchun kurash kuchayib borayotgan hozirgi o‘ta murakkab sharoitda harbiy-vatanparvarlik ruhidagi tarbiyaning o‘rni va ahamiyati tobora ortib borayotganiga alohida e’tibor qaratildi. Davlatimiz rahbari bu masala bo‘yicha mutasaddilarga tegishli tartibda topshiriqlar berdi.

Ayni paytda joylarda yoshlar bilan manzilli ishlash, ularning o‘qishi va bandligini ta’minlash, muammolarini o‘rganish, o‘z vaqtida hal etish, harbiy-vatanparvarlik tadbirlarida samarali qamrab olish bo‘yicha rasmiy idoralar, mahalla va muassasalar, huquqni muhofaza qilish organlari, davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligida tizimli ishlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

Shu maqsadda Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti harbiy xizmatchilaridan iborat maxsus ishchi guruhi tuzilib, Zangiota tumani 1-sektorga kiruvchi mahallalarda 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar xatlovdan o‘tkazildi.  Xususan, “Og‘ir” toifaga kirgan, profilaktik hisobda turgan, tarbiyasi og‘ir hamda ijtimoiy-maishiy muammolari mavjud bo‘lgan yoshlarni aniqlash ishlari yo‘lga qo‘yildi.

Ayni vaqtda Aloqa harbiy instituti ishchi guruhi yoshlarni fuqarolik pozitsiyasini mustahkamlash maqsadida harbiy-vatanparvarlik ruhidagi tadbirlarni kuchaytirish, shuningdek, institutga biriktirilgan umumta’lim maktablari bilan aloqalarni yanada mustahkamlash, hamkorlikdagi tadbirlarning ko‘lamini kengaytirishga e’tibor qaratgan.  

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti