Yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimi boʻyicha tavsiyalar berildi

0
2487

Nukus va Urganch garnizonlarida Mudofaa vazirligi tomonidan 2024-yilda qoraqalpogʻistonlik hamda xorazmlik yoshlarni otaliqqa olish va ular bilan manzilli ishlash tizimini amalga kiritish boʻyicha masʼullar bilan seminar mashgʻulotlari oʻtkazildi.

Mudofaa vazirligi rahbariyati, Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatining 1-sektor kesimidagi yoshlar bilan ishlashga biriktirilgan ofitserlar, mudofaa ishlari boshqarma va boʻlimlari masʼullari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida oʻtgan seminarlarda mahalla yoshlarining muammolarini oʻrganish va ularning yechimini topish, manzilli ish algoritmini qoʻllash boʻyicha zarur taklif va tavsiyalar berildi.

Harbiy xizmatchilar tomonidan otaliqqa olinadigan yoshlar alohida eʼtiborga muhtoj “ogʻir” toifadagi yoshlar, jinoyatchilikka moyil, migratsiyadagi yoshlar, oliy taʼlim muassasalari talabalari, kollej va texnikumlar hamda maktab oʻquvchilari toifalariga boʻlinadi. Mazkur tizimni joriy etish maqsadida vazirlik va uning tarkibiy boʻlinmalarida shtablar tuzilib, viloyat va tuman (shahar) hokimlarining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosarlari rahbarligida hududlarda tashkil etilayotgan shtablarga shaxsiy tarkib ajratilishi belgilangan.

Harbiy xizmatchilar biriktirilgan mahalladagi yoshlarni oʻrganib, toifalarga ajratish boʻyicha bilan hamkorlik oʻrnatadi. Mahallaa biriktirilgan yoshlarning 7 toifa boʻyicha nomma-nom roʻyxatini shakllantiradi. Yakka tartibda suhbatlar oʻtkazib, yashash sharoitlari va oilaviy ahvoli va muammolarni oʻrganib chiqadi. Muammolarga yechim topish boʻyicha “Mahalla yettiligi” bilan hamkorlik qiladi. Jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda huquqiy savodxonlikni oshirish boʻyicha tadbirlarni tashkil etadi. Yoshlarning bandligini taʼminlash boʻyicha ishlarni muvofiqlashtiradi. Mahallalarda oʻtkaziladigan harbiy-vatanparvarlik, madaniy-maʼrifiy va ommaviy sport tadbirlariga yoshlarni keng jalb etadi. Kunlik qilingan ishlar boʻyicha hisobotlarni tayyorlaydi.

Seminar davomida yoshlar bilan ishlashga masʼul ofitserlarning hisoboti tinglanib, ushbu ishlarni jadallashtirish boʻyicha tavsiyalar berib oʻtildi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati