Urganchda 100 nafar yoshlar “Jasorat maktabi” yigʻinida toblandi

0
1113

Xorazmlik navbatdagi 100 nafar yoshlar “Jasorat maktabi” harbiy-vatanparvarlik yigʻinida toblandi. Tashkil etilgan yigʻinda yoshlar Urganch garnizonida joylashgan harbiy qismlarning birida 10 kun davomida joylashib, dastlab ularning salomatligi malakali harbiy shifokorlar tomonidan zamonaviy tibbiy uskunalar yordamida tibbiy tekshiruvdan oʻtkazildi.

Yigʻin ishtirokchilari oʻn kun davomida shunchaki kun oʻtkazishi emas, balki qatʼiy belgilangan kun tartibi asosida mashgʻulotlarda ishtirok etib, kasb-hunar oʻrganishi, mafkuraviy immunitetini mustahkamlashi, ilk harbiy koʻnikmalarga ega boʻlishiga alohida eʼtibor qaratildi.

Ishtirokchilarga harbiycha ust-bosh kiyimlar berilib, ichki tartib-intizom, harbiycha yurish-turish hamda mashgʻulot jadvalida belgilangan tadbirlarga amal qilinishi harbiy xizmatchilar tomonidan nazorat qilib borildi. Harbiycha hayotga moslashuv jarayonining oson kechishini taʼminlash maqsadida guruhlarga malakali ofitser va serjantlar biriktirildi.

Mashgʻulotlar davomida yoshlar bilan maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlik soatlari tashkil etilib, Urganch shahridagi Qurilish sohasida malakali mutaxassislarni tayyorlash markazi oʻqituvchilari tomonidan kasb-hunar oʻrgatishga yoʻnaltirilgan mashgʻulotlar, sport oʻyinlari oʻtkazildi. “Uch avlod uchrashuvi”, davlat va jamoat tashkilotlari, huquqni muhofaza etish organlari xodimlari tomonidan mafkuraviy immunitetni mustahkamlashga qaratilgan profilaktik tadbirlar, tajribali tadbirkorlar ishtirokida biznes forumlar tashkil etildi.

Urganchdagi “Ishga marhamat” monomarkazidagi kasbga tayyorlov kurslari ishtirokchilarda oʻzgacha taassurot qolishiga sabab boʻldi.

“Jasorat maktabi” yigʻinining yopilish marosimida Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻmondonligi, kuch tuzilmalari vakillari, Yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmasi rahbariyati, Oʻzbekiston yoshlar Ittifoqi hamda biriktirilgan davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, yoshlar va ularning oila aʼzolari ishtirok etdi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati