CHIRCHIQDA “OCHIQ ESHIKLAR KUNI” O‘TKAZILDI

0
1916

Qiraylik 400 ga yaqin oʻquvchi-yoshlar Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurtida boʻldi.

– Bu yil oʻrta maktabni bitiraman. Qayerda oʻqisam ekan, deya ikki uch oliygohdan birini tanlolmay oʻylanib yurgandim. Bugun kelgusida egallaydigan kasbim aniq boʻldi. Ofitser boʻlaman. Chirchiqdagi oliy harbiy bilim yurti haqida koʻp eshitgandim. Kelmagan ekanman. Bugungi ekskursiya, oʻquv xonalari va mashgʻulotlar, harbiy texnika, qurol-yarogʻlar bilan tanishuvlar, kursantlar hayoti menda katta taassurot qoldirdi. Hujjatlarimni shu yerga topshirib, omadimni sinab koʻrmoqchiman, – deydi Maʼmurov Maʼrufjon. Uning doʻstlari ham ushbu tadbirdan koʻp maʼlumotlar olganligi yuz-koʻzlaridan bilinib turardi.

Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida, milliy oʻzligimiz, ezgu qadriyatlarimizga sadoqat ruhida tarbiyalash tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha davlatimiz rahbari qoʻygan vazifalar ijrosi yuzasidan mamlakatimiz boʻylab oʻtkazilayotgan bu kabi tadbirlar yoshlarning oʻz hayot yoʻllarini belgilashlarida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Oʻquvchilar desantchilar tayyorgarligi, oʻtochar qurollardan foydalanish, taktika va boshqa oʻquv xonalari bilan tanishishar ekan, trenajyorlarga ham chiqib, baʼzi texnika vositalarini boshqarib ham koʻrishdi. Ayniqsa parashyut bilan sakrash trenajyori ularning hayratini oshirdi.

Tadbirda Mudofaa vaziriligi boʻlim boshligʻi adliya podpolkovnigi N. Komilov, Chirchiq harbiy prokurori katta yordamchisi adliya podpolkovnigi S. Kalenderov ham ishtirok etib, oʻquvchilarga harbiy xizmatni oʻtash, shuningdek oliy harbiy bilim yurtlariga oʻqishga kirish tartiblari haqida batafsil maʼlumot hamda ularning savollariga javob berdilar.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti