Namangan viloyatida ham “Jasorat maktabi” yigʻini boshlandi

0
1742

Namangan viloyatida “Jasorat maktabi” harbiy oʻquv yigʻinining joriy yildagi ilk mavsumiga start berildi. Viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi huzuridagi “Chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassisliklar boʻyicha tayyorlash” markazida oʻquv yigʻin ochilish marosimiga bagʻishlangan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi.

Unda Namangan viloyatining shahar va tumanlardan kelgan 100 nafar yigitlar, mutasaddi tashkilotlar vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Ochilish marosimida Sharqiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni oʻrinbosari polkovnik Maqsudjon Daminov hamda viloyat hokimi oʻrinbosari Gʻulomjon Murodxoʻjayev soʻzga chiqib, yurtimizda yoshlarga yaratib berilayotgan shart-sharoitlar va keng koʻlamli imkoniyatlar haqida fikr bildirdilar.

Sharqiy harbiy okrug harbiy orkestr jamoasi hamda harbiy xizmatchilarning koʻrgazmali chiqishlari yigʻin ishtirokchilariga koʻtarinkilik baxsh etdi. Shuningdek, “Vatanparvar” tashkilotining sport texnikalari hamda aviamodellar koʻrgazmalari namoyish etildi.

Maʼlumot uchun, 10 kun davomida ushbu yigʻin ishtirokchilari bilan harbiy qismda jangovar, maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlik, IT-texnologiyalari, tadbirkorlik hamda kasb-hunarga oʻrgatish boʻyicha mashgʻulotlar hamda turli sport oʻyinlari va koʻrik-tanlovlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan.