Muddatli harbiy xizmatga chaqiruvga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi

0
1751

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 12-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi hamda belgilangan xizmat muddatini oʻtab boʻlgan muddatli harbiy xizmatchilarni Qurolli Kuchlar rezerviga boʻshatish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq mudofaa ishlari boshqarmalarining chaqiruv va yigʻin punktlarida fuqarolarni muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi hamda harbiy qismlarda belgilangan xizmat muddatini oʻtab boʻlgan muddatli harbiy xizmatchilarni Qurolli Kuchlar rezerviga boʻshatishga tayyorgarlik tadbirlari boshlandi.

Bugun, 21-fevral kuni mazkur yoʻnalishda olib borilayotgan tadbirlar haqida keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari xodimlariga maʼlumot berish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining anjumanlar zalida “Mudofaa ishlari boʻlimlari faoliyatini raqamlashtirish natijalari hamda fuqarolarni navbatdagi chaqiruvda muddatli harbiy xizmatga chaqirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi.

Unda mudofaa vazirining axborot siyosati masalalari boʻyicha maslahatchisi – matbuot kotibi polkovnik Otabek YULDASHEV, Mudofaa vazirligi boshqarma boshligʻi podpolkovnik Qadamboy SAIDOV, Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy-tibbiy komissiyasi raisi tibbiy xizmat polkovnigi Najmiddin SAIDQULOV, Mudofaa vazirligi Tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bosh boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari polkovnik Mehriddin QOʻCHQOROV, Respublika Harbiy prokurorining katta yordamchisi adliya polkovnigi Sherzod XAYITOV spiker sifatida respublika axborot agentliklari va ommaviy axborot vositalari vakillarining chaqiruv masalalari boʻyicha savollariga javob berdi.

Bugungi kunda muhtaram Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni tomonidan fuqarolarni harbiy xizmatga chaqirish va harbiy xizmatni oʻtash tizimini isloh qilish borasida izchil islohotlar olib borilmoqda. Xususan, 2020-yildan chaqiruv yoshidagi fuqarolarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish va ularni muddatli harbiy xizmatga chaqirishning yangi tizimi joriy etilgan boʻlsa, mudofaa ishlari boshqarma va boʻlimlarida avtomatlashtirilgan axborot tizimi
va maʼlumotlar bazasi tizimining asosi hisoblangan “Chaqiruv” axborot tizimi ishga tushirildi. Mazkur tizim Ichki ishlar vazirligining “Manzil” va “Xorijga chiqish pasporti” axborot tizimlari, idoralararo hamkorlikni taʼminlovchi “Elektron hukumat” platformasi, Adliya vazirligining “FHDYOning yagona elektron arxivi” axborot tizimi hamda Adliya vazirligi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi bilan integratsiyasi amalga oshirildi.

Natijada himoyalangan lokal tarmoq orqali mudofaa ishlari boʻlimlari oʻrtasida maʼlumotlar almashinuvi yoʻlga qoʻyildi hamda respublikamiz hududi boʻylab barcha mudofaa ishlari boʻlimlari orqali fuqarolarga xizmat koʻrsatishda ortiqcha qogʻozbozlik va byurokratik toʻsiqlarga barham berildi, chaqiruv davrida shaffoflik va qonun buzilishi holatlarining oldini olish taʼminlandi, aholiga “Yagona darcha” tamoyili asosida xizmat koʻrsatish turlarini elektron tarzda amalga oshirishga erishildi. Ushbu tizimning uzluksiz faoliyatini taʼminlash uchun barcha mudofaa ishlari boʻlimlari axborotni himoyalash vositalari, uning ishlashini taʼminlovchi telekommunikatsiya qurilmalari va kompyuter vositalari bilan taʼminlandi.

Joriy yilning 15-fevralidan boshlab tuman mudofaa ishlari boʻlimlarida muddatli harbiy xizmatga chaqiruv tadbirlari, yaʼni chaqiriluvchilarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish, ularni harbiy qismga joʻnatish uchun komandalarga tayinlash ishlari boshlandi.

Qurolli Kuchlar safini jismonan baquvvat va ruhan sogʻlom fuqarolar bilan butlash maqsadida muddatli harbiy xizmatga chaqirilish tartibi ikki bosqichda oʻtkaziladi:

  • birlamchi tibbiy koʻrik – tuman, shahar mudofaa ishlari boʻlimlari chaqiruv punktlarida hududiy tibbiy komissiyalari tomonidan;
  • chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrik – Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri mudofaa ishlari boshqarmalaridagi yigʻin punktlarida harbiy-tibbiy komissiyalari tomonidan.

Chaqiriluvchilarni umumjismoniy tayyorgarlik darajasini baholash va yakka tartibda suhbat hamda muddatli harbiy xizmatga tavsiya etilishi mudofaa ishlari boʻlimlarida oʻtkazilib, tanlovning shaffofligini bevosita kuzatib borish uchun chaqiriluvchilarning ota-onalari ham taklif etilmoqda.

Chaqiriluvchining tibbiy hujjatlari, tavsifnomalari, shaxsiy yigʻma jildi va boshqa hujjatlari bilan tanishib, shikoyatlari soʻralib, anamnez yigʻilgach, tibbiy tekshiruv oʻtkaziladi. Qurolli Kuchlar safini sogʻlom va jismonan baquvvat chaqiriluvchilar bilan butlash, chaqiriluvchilarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish ishlarini sifatli tashkil etish maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgi Kenesi raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari tomonidan yigʻin punktlarida tuzilgan harbiy-tibbiy komissiyalar tarkibida ishtirok etish uchun Mudofaa vazirligi harbiy-tibbiy muassasalaridan harbiy-tibbiy komissiya raislari, jarroh, terapevt va nevrolog, sogʻliqni saqlash hududiy boshqarmalari davolash-profilaktika muassasalaridan oftalmolog, otorinolaringolog, psixiatr, dermatolog va stomatolog kabi mutaxassislar tibbiy koʻrikka jalb etilgan.

MIBB chaqiruv puktida hududiy-tibbiy komissiyalar bir ish kunida 50 nafar, MIB yigʻin punktida 100 nafar chaqiriluvchini tibbiy koʻrikdan oʻtkazadi. Tibbiy koʻrikdan oʻtkazish natijalari tibbiy ekspert hujjatlarga kiritiladi.

Xulosa oʻrnida taʼkidlash lozimki, chaqiruv tadbirlarining sifatli oʻtkazilishi Qurolli Kuchlar safini sogʻlom va baquvvat, vatanparvar yoshlar bilan butlashga, muddatli harbiy xizmatga chaqirish ishlarining shaffofligini taʼminlashga va tashkil etilayotgan Rahbariyat kengashi va qoʻshinlarni butlash boʻyicha komissiya faoliyatiga nisbatan ishonchga, eng asosiysi, chaqiriluvchi va ularning ota-onalarida ijtimoiy adolat mavjudligiga erishishga xizmat qilmoqda.

MUDOFAA VAZIRLIGI AXBOROT VA OMMAVIY KOMMUNIKATSIYALAR DEPARTAMENTI