Biatlon sport turi boʻyicha Oʻzbekiston chempionati gʻoliblari aniqlandi

0
1539

Ugam-Chotqol togʻ tizmasi etaklarida joylashgan Mudofaa vazirligi Togʻ tayyorgarligi oʻquv-mashqlar markazi nafaqat harbiy xizmatchilarning togʻ tayyorgarligi borasida koʻnikmalarini oshirishga, balki yurtimizda rivojlanib kelayotgan qishki sport turlari boʻyicha mashgʻulotlar va musobaqalar tashkil etish uchun qulay sharoitlarga ham ega. Mana ikki yildirki ushbu maskanda biatlon sport turi boʻyicha Oʻzbekiston chempionati oʻtkazib kelinmoqda.

Aytish kerakki, yildan yilga mazkur turnirga yoshlarning qiziqishi ortmoqda. Buni joriy yilgi bahslarda ishtirok etayotgan qatnashchilar sonidan ham koʻrish mumkin. Musobaqa oldidan yigʻilganlar eʼtiboriga togʻ tayyorgarligi boʻyicha koʻrgazmali chiqishlar namoyish etildi. Shundan soʻng musobaqaga start berildi. Ishtirokchilar uchta yoʻnalish boʻyicha bellashdilar. Dastlabki sprint yoʻnalishida erkaklar 12,5 km, ayol-qizlar esa 10 km masofani turli shartlar asosida bosib oʻtishdi.

“Ta’qib” poygasi yoʻnalishida esa 15 km erkaklar va 12 km masofa ayol-qizlar tomonidan zabt etildi.

Individual poyga bahslariga koʻra, erkaklar 15 km, ayol-qizlar 12,5 km masofani ortda qoldirishdi. Belgilangan masofa bir marotaba aylanib oʻtilgandan soʻng qatnashchilar turgan va yotgan holda nishonga olish mashqlarini bajardi. Musobaqa shartiga koʻra ishtirokchilar nishonlarga aniq yetib bormagan har bir oʻq uchun bir marotaba jarima aylanasini bosib oʻtish kabi qoʻshimcha yuklamalar bilan jazolandi.

Uch kun davom etgan musobaqa yakunida ishtirokchilarning toʻplagan ballari sarhisob qilindi. Har bir yoʻnalish boʻyicha gʻoliblar aniqlanib, medal, diplom va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.

Albatta, bu kabi musobaqalar yosh sportchilarimizga tajriba oshirishda yangi bilim va koʻnikmalarni egallashda, bir soʻz bilan aytganda kelgusidagi xalqaro turnirlarda yuqori marralarni zabt etishda oʻziga xos maktab vazifasini oʻtaydi.

Temurmalik Hamidov, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti