Yurt himoyachilari chaqqonlik, epchillik, merganlik va matonatda bellashdi

0
2012

Harbiy xizmatni jismoniy tayyorgarlik va sportsiz tasavvur etib boʻlmaydi. Jangovar tayyorgarlikning asosiy elementi boʻlmish jismoniy tarbiya yurt himoyachilari bilan har kuni, har lahzada birga boʻlib, jangovar xizmat faoliyatida hamrohlik qiladi. Armiyada sportni rivojlantirish, harbiy xizmatchilarning jismoniy tayyorgarligini yuksaltirish hamda sportning turli yoʻnalishlariga qiziqtirish maqsadida yil davomida koʻplab musobaqa va bellashuvlar oʻtkazilishi anʼanalardan hisoblanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida harbiy-amaliy va olimpia sport turlarini rivojlantirish, harbiy xizmatchilar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib etish, eng sara sportchilarni tanlab olish va ularni ragʻbatlantirish maqsadida Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlarida “Armiya sporti haftaligi” joriy etilib, umumarmiya sport musobaqalari oʻtkazildi.

100 nafardan ziyod sportga mehr qoʻygan harbiy xizmatchilarni oʻzida birlashtirgan umumarmiya sport musobaqalari doirasida ishtirokchilar “Armiya qoʻl jangi”, “Harbiy-sport kompleksi koʻpkurashi”, “Ofitserlar uchkurashi” va “Otish sporti” boʻyicha oʻzaro kuch sinashib, metin iroda, matonat va gʻalabaga boʻlgan kuchli ishtiyoqni namoyon etdi.

Musobaqalar Nukus garnizoni markaziy sport majmuasi hamda “Nukus” umumqoʻshin poligoni hududida oʻtkazildi. Har bir bellashuv harbiy okrugning tajribali ofitserlaridan iborat hayʼat aʼzolari tomonidan adolatli baholanishiga alohida eʼtibor qaratildi.

Sharq yakkakurashlari, boks va milliy kurash elementlarini oʻz ichiga olgan “Armiya qoʻl jangi” bellashuvida har bir jamoadan sakkiz nafar ishtirokchi sakkizta vaznda bellashib, kuch va matonatni namoyish etdi. Mazkur bellashuv Oʻzbekiston Respublikasi huquqni muhofaza qiluvchi organlari federatsiyasi va amal qilayotgan Xalqaro qoʻl jangi qoidalariga asosan tashkil etildi.

“Harbiy-sport kompleksi koʻpkurashi” musobaqasi dasturidan 100 metrga yugurish, turnikda tortilish, 3 km masofani bosib oʻtish va yagona toʻsiqlar yoʻlagidan oʻtishni nazarda tutadi.

Pistoletdan oʻq otish, erkin usulda 3 kilometrga suzish, 1-2 km masofaga yugurish mashqlaridan iborat boʻlgan “Ofitserlar uch kurashi” bellashuvi ham bahs va munozaralarga boy boʻldi.

“Otish sporti” musobaqasida merganlik mahoratini namoyish etgan ishtirokchilar amaldagi oʻq otish qoidalariga asosan pistoletdan PM-1 mashqi va avtomatdan AK-1 mashqini bajardi.

Musobaqalar yakuni boʻyicha ishtirokchilar turli nominatsiya boʻyicha yakkalik va jamoaviy tarzda kubok, medal, diplom hamda fayxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.
Faxrli birinchi oʻrinlarni qoʻlga kiritgan harbiy xizmatchilar shu yilning mart oyida Mudofaa vazirligi miqyosida oʻtkaziladigan chempionatda harbiy okrug sharafini himoya qilish huquqiga ega boʻldi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati