Beshta viloyat yoshlari Samarqanddagi harbiy qism mehmoni bo‘ldi

0
2398

Jizzax, Buxoro, Xorazm, Qashqadaryo hamda Surxondaryo viloyatlaridagi imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktablar oʻquvchilarida vatanparvarlik ruhiyatini oshirish, inklyuziv muhitda boshqalardan oʻzini kam his qilmasligi, jismoniy imkoniyati cheklanganidan siqilmasligi uchun sharoit yaratish maqsadida Samarqand garnizonidagi harbiy qismda “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etildi.

Murgʻak qalb egalari surdo tarjimon orqali harbiy qismda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishtirildi va zamonaviy harbiy texnika va qurol-aslahalar haqida batafsil maʼlumotlar berildi.

Bu kabi tadbirlarda ertamiz egalari koʻzlarida sadoqat va matonat aks etib turgan Vatan himoyachilari bilan yuzma-yuz suhbatlar qurib, harbiy hayot sharafi va mashaqqatlari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega boʻldi.

Tadbir soʻnggida mehmonlar uchun harbiy orkestr jamoalari hamda xushovoz sanʼatkorlar tomonidan tashkil etilgan kuy-qoʻshiq va goʻzal raqslar tomoshabinlarga chin ma’noda quvonch ulashdi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati