Qoraqalpogʻistonlik chaqiruv yoshidagi yigitlarga armiya haqida tushunchalar berilmoqda

0
1571

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasining Qoʻngʻirot, Kegeyli, Taxiatosh va Chimboy tumanlarida “Yangi Oʻzbekiston armiyasi – mamlakat qudrati, yuksak gʻurur va sadoqat timsolidir!” shiori ostida “Harbiy xizmat menga bergan imkoniyatlar” mavzusida davra suhbatlari boʻlib oʻtdi.

Unda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi, tuman hokimliklari vakillari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi mudofaa ishlari boshqarmasi hamda boʻlimlari xodimlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari hamda muddatli harbiy xizmatga chaqiriluvchi yoshlar ishtirok etdi.

Targʻibot tadbirlari doirasida “Qoʻmondon va yoshlar” uchrashuvlari oʻtkazilib, davra suhbati samimiy muloqotga boy oʻtdi. Qoʻmondon yoshlar bilan yaqindan suhbatlashar ekan, hayoti va xizmat faoliyati haqida soʻzlab berdi. Shuningdek, Vatan himoyasiga otlanayotgan har bir azamatga omad va zafarlar tilab, har bir yigit harbiy xizmatda boʻlishi, chinakam hayot maktabida toblanishi lozimligini taʼkidladi. Harbiy xizmatchilarga belgilangan imtiyoz va qulayliklar, yaratilayotgan sharoitlar haqida soʻzlab berdi. Har bir yigitning muqaddas burchi – bu Vatanni himoya qilish ekanligini eslatib oʻtdi.

Chaqiruv yoshidagi ishtirokchilar muddatli va safarbarlik rezervidagi harbiy xizmatni oʻtash afzalliklari, armiyaga borishga tayyorlanayotgan nomzodlarga qoʻyilgan talablar, oliy harbiy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish shartlari haqida batafsil javoblar olishdi.

Bugun muddatli harbiy xizmatni hamda serjantlik va ofitserlik lavozimlarda kontrakt boʻyicha harbiy xizmatni oʻtayotgan harbiy xizmatchilar hamda bir yillik xizmatni oʻtab boʻlib, ayni vaqtda oʻzini katta hayotda topa olgan yigitlar yoshlarga armiyada erishgan yutuqlari, “Hayot maktabi”da toblanish nima ekanligini batafsil tushuntirib oʻtishdi. Armiyada vaqt, ota-ona va yaqinlari qadriga yetganligi, musofirchilikning oʻziga yarasha mashaqqatlari ularni ruhan kuchli boʻlishga tarbiyalagani, komandirlarga boʻysinish va shaxsiy tarkibga gʻamhoʻrlik qilishni oʻrgangani, jismonan barkamol boʻlib, dunyoqarashi kengayganini soʻzlab berishdi. Armiya hayot yoʻlini topishida, oʻzini shu jamiyatga kerakli inson ekanligini his etishiga koʻmak berganini, yuksak insoniy fazilatlarga ega boʻlganini eʼtirof etishdi.

Samimiy suhbat harbiylik haqida koʻproq maʼlumotlarga ega boʻlish istagida boʻlgan yoshlarning savollariga ulanib ketdi. Kimdir muddatli harbiy xizmat haqida soʻrasa, yana kimdir ofitser boʻlish uchun qanday sinovlar kutayotgani haqida qiziqdi.

Sahnaning badiiy maydonida esa Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazi harbiy orkestri jamoasi tomonidan oʻzbek va qoraqalpoq tillaridagi kuy va qoʻshiqlardan iborat guldasta yoshlarning kayfiyatini koʻtargan boʻlsa, askarlar tarkibidan iborat faxriy qorovul vzvodi tomonidan namoyish etilgan saf elementlari va qoʻl jangi bilan koʻrgazmali chiqishlari tadbirga jangovar ruh bagʻishladi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati