Harbiy-vatanparvarlik targ‘iboti yo‘lida

0
866

Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda ularning harbiy sohaga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish maqsadida Markaziy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Farrux Ziyabayev Forish tumani yoshlari bilan uchrashdi.

Tuman hokimi Ikrom Matiyev hamrohligida oʻtgan uchrashuvda rahbarlar asosiy eʼtiborni harbiy sohaga qiziqish bildirgan yoshlarga shart-sharoit yaratishga, ularning iqtidorini roʻyobga chiqarishga, ulgʻayib kelayotgan yosh avlodni ilmga keng jalb qilish hamda intellektual salohiyati va tashabbusini qoʻllab-quvvatlashga qaratdi.

Uchrashuvda yoshlar milliy armiyamizdagi oʻzgarishlar, mudofaa salohiyati, oliy harbiy bilim yurtlari hamda harbiy xizmatchilar qoʻlga kiritayotgan ulkan yutuq va marralar haqida qoʻmondondan batafsil maʼlumot oldi. Shuningdek, uchrashuvda yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish, huquqiy savodxonligini oshirish hamda bandligini taʼminlash masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi.

Samimiy va koʻtarinki ruhda o‘tgan uchrashuv davomida rahbarlar yoshlarni ulkan marralar sari ruhlantirib, har bir insonning oʻz orzusi va maqsadi boʻlishi kerakligi, unga erishish uchun esa, albatta, tinimsiz mehnat qilish zarurligini aytib o‘tdilar. 

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati