“Mard askarga sovg‘a” kitoblar taqdimoti bo‘lib o‘tdi

0
1202

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Mudofaa vazirligi, Madaniyat vazirligi va Yozuvchilar uyushmasi tomonidan Qurolli Kuchlar tizimi harbiy xizmatchilari, harbiy ta’lim muassasalari kursantlari uchun “Mard askarga sovg‘a” turkumida ixcham kitoblarni nashr etish yo‘lga qo‘yildi.

Shu munosabat bilan bilan bugun, 16-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasida ushbu turkumda chop etilgan 7 ta kitobning taqdimot marosimi o‘tkazildi. Unda Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zolari, vazirlik faxriylari, ofitser va serjantlar, harbiy ta’lim muassasalari va “Temurbeklar maktablari” kursantlari, muddatli harbiy xizmatchilar hamda taniqli shoir, yozuvchilar, san’atkorlar va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Taqdimotni Prezident maslahatchisi Xayriddin Sultonov, mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbonov, Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid ochib berdi. Mazkur turkum kitoblar so‘nggi yillarda Qurolli Kuchlar tizimida olib borilayotgan yangi islohotlar tufayli yurtimizda shakllangan “Xalq bilan armiya — bir tanu bir jon” degan ezgu an’ananing, ayniqsa, ijodkorlarimiz va harbiy xizmatchilar orasida tobora mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi.

“Adabiyot” nashriyotida chop etilgan ushbu to‘plamlarda iste’dodli adiblarimizning ona Vatanga sadoqat, fidoyilik, mardlik va jasorat kabi fazilatlar tarannum etilgan eng sara hikoyalari, she’r va dostonlaridan parchalar, shu mazudagi mashhur qo‘shiqlarning matnlari jamlangan.

“Mard askarga sovg‘a” loyihasini muntazam davom ettirish va ushbu kitoblarni tez orada barcha harbiy qismlar va okruglar, harbiy ta’lim muassasalariga yetkazish rejalashtirilgan.

Taqdimotda so‘zga chiqqanlar ixcham va qulay hajmda nashr ettirilgan ushbu kitoblar askar va kursantlarning doimiy hamrohiga aylanib, ona Vatanga munosib farzand bo‘lishga, el-yurtimiz ozodligi, xalqimiz farovonligi uchun kurashishga, mana shu yo‘lda jon fido etgan buyuk ajdodlarimiz va qahramon yurtdoshlarimizga munosib bo‘lishga da’vat etishga ishonch bildirdilar.

Tadbir yakunida Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli, taniqli shoirlar, san’atkorlarning badiiy chiqishlari yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti