Toshkent viloyati yoshlari uchun vatanparvarlik festivali tashkil etildi

0
1626

Toshkent harbiy okrugi qo‘mondonligi tomonidan yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida joylarda olimlar, ijodkor ziyolilar, sportchilar, harbiy xizmatchilar va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida turli tadbirlar tashkil etilmoqda.

Xususan, kuni kecha Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan 28-umumta’lim maktabi o‘quvchi yoshlari ishtirokida vatanparvarlik festivali o‘tkazildi. Unda tuman hokimligi, Toshkent harbiy okrugi vakillari, harbiy xizmatchilar, Toshkent harbiy prokuraturasi Toshkent viloyatidagi boshqa kuch tuzilmalari mas’ullari, aholi va yoshlar ishtirok etishdi.

Okrug harbiy xizmatchilari tomonidan harbiylik kasbiga qiziqqan yoshlarga harbiy soha va harbiy bilim yurtlariga o‘qishga kirish qoidalari to‘g‘risida ma’lumotlar berildi.

Festivalda harbiy xizmatchilarning qo‘l jangi chiqishlari hamda harbiy orkestr jamoasining kuy-qo‘shiqlari barchaga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

Toshkent harbiy okrugi matbuot xizmati