Chinozda keng qamrovli harbiy-vatanparvarlik tadbirlari o‘tkazildi

0
1499

Toshkent viloyati Chinoz tumanida joylashgan harbiy qismlarning birida “Vatan — muqaddas, uni himoya qilish sharafli burchdir!” shiori ostida harbiy-vatanparvarlik tadbiri o‘tkazildi.

Mudofaa vazirligi Maxsus avariya-tiklash boshqarmasi hamda Chinoz tumani hokimligi hamkorligida o‘tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy, madaniy hamda sport tadbirlarida sektor rahbarlari, Qurolli Kuchlar faxriylari, yoshlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Dastlab ma’naviy-ma’rifiy kechada tuman hokimi va sektor rahbarlari global muhitning yoshlarga ta‘siri haqida gapirar ekan, bugungi kundagi dolzarb muammolardan biri — tinchlikni asrash har bir o‘zbek o‘g‘lonining burchi ekanligi, kelgusida yoshlar Vatanimiz sarhadalarini munosib himoya qilishi, shuningdek, tinimsiz bilim olish orqali fan-texnika va texnologiyada ulkan yutuqlarga erishish muhimligiga alohida e’tibor qaratdi. Tadbirning badiiy qismi Maxsus avariya tiklash boshqarmasining «Impuls» ansambli chiqishlari bilan davom etdi.

Shundan so‘ng, “Men ham harbiy boʼlaman!” shiori ostida mahalla yoshlari va maktab o‘quvchilari uchun qurol-aslaha va texnikalar ko‘rgazmasi namoyish etildi. Yoshlar ko‘rgazmada harbiy xizmatchilar bilan bevosita muloqotga kirishib, o‘zlari uchun foydali ma’lumotlarga ega bo‘lishdi. Kitob yarmarkalari hamda mahalla yoshlari va harbiy xizmatchilar o‘rtasida o‘tkazilgan sport musobaqalari ham shular jumlasidan.

Bundan tashqari, kun davomida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi, avlodlarni birlashtirgan davra suhbatlari tashkil qilindi. Uchrashuvlarda yoshlarning muammolari atroflicha o‘rganilib, ularga subsidiyalar ajratish, ishsiz yoshlarni ish bilan taʼminlash bo‘yicha zarur masalalar ko‘rib chiqildi.

Feruza Nuratdinova, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti