ULUGʻ AJDODLARIMIZGA EHTIROM

0
1049

Ikki buyuk shaxs – ikki buyuk bobokalonimiz Mir Alisher Navoiyning 583 yilligi hamda Zahiriddin Muhamma Boburning 541 yilligi mamlakatimiz boʻylab keng nishonlanmoqda. Mana shunday tadbirlardan biri Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy klinik gospitalining madaniyat saroyida boʻlib oʻtdi.

“Alisher Navoiy va Mirzo Bobur – Temuriylar Renessansining yirik namoyandalari” mavzusidagi maʼnaviy-maʼrifiy tadbirda harbiy xizmatchilar, talabalar, madaniyat xodimlari ishtirok etishdi.

Mudofaa vazirligi harbiy tibbiyot akademiyasi, Perfekt universiteti, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda Milliy tiklanish demokratik partiyasi hamkorligida amalga oshirilgan tadbir ishtirokchilarda katta taassurot qoldirganiga shubha yoʻq.

Maʼnaviy-maʼrifiy tadbirni Markaziy harbiy klinik gospital boshligʻining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari podpolkovnik Abduvohid Bozorov ochib berdi. Tadbirda soʻz olgan Perfekt universitetining Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha birinchi prorektori, “Yoshlik” jurnali bosh muharriri Nurilla Chori, Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoir Shodi Otamurod, Oʻzbekiston Respublikasi fanlar akademiyasi Temuriylar tarixi davlat muzeyi ilmiy xodimi, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Toʻlqin Hayit, Milliy tiklanish demokratik partiyasi Markaziy kengashi boʻlim boshligʻi Muxlisa Ergasheva ikki buyuk qalam sohiblari, davlat arbobi va taxt sohibi boʻlgan ajdodlarimiz Alisher Navoiy va Bobur Mirzo bilan bogʻliq qiziqarli tarixiy voqealar haqida toʻxtalib oʻtishdi. Ularning vatanparvarlik ruhidagi tarbiyaviy ahamiyatga ega asarlari, xalqaro miqyosda oʻrganilayotgan maʼnaviy merosi va hayot yoʻli borasida toʻlqinlanib soʻz yuritishdi.

Sahnada bobokalonlarimiz ijodidan hamda ularga bagʻishlangan sheʼr-u gʻazallar yangradi. Oʻzbekiston Milliy akademik drama teatri va Muqimiy nomidagi Oʻzbekiston davlat drama teatri aktyorlarining chiqishlari olqishlarga sazovor boʻldi. Ulugʻ ajdodlarimiz obrazi sahnada qad rostladi.

Tadbir davomida ikki buyuk shaxs hayoti va ijodi bilan bogʻliq savol-javoblar amalga oshirildi. Bu oʻziga xos bellashuvda yoshlar — muddatli harbiy xizmatchi, oddiy askarlar va talabalar faollikni qoʻldan bermay, sovgʻalarga ega boʻlishdi.

Shubhasizki, ishtirokchilarga manzur boʻlgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir bobokalonlarimiz haqidagi qiziqarli maʼlumotlar bilan ularning dilida muhrlanib qoladi.

Zulfiya YUNUSOVA, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti