Nukusda “Jasorat maktabi” yigʻini nihoyasiga yetdi

0
1328

10 kun harbiycha kiyim kiyib, harbiycha hayot kechirish, harbiy xizmatchilarga xos yurish-turish qoraqalpogʻistonlik 100 nafar “Jasorat maktabi” ishtirokchilari uchun haqiqiy hayot maktabiga, vatanparvarlik tuygʻularning shakllanadigan maskaniga aylandi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan “Jizzax tajribasi” loyihasi doirasida yoʻldan adashgan, nazoratdan chetda qolgan yoshlarga koʻmak berish, ularni toʻgʻri yoʻlga qaytarish, maʼnaviyati va madaniyatini yuksaltirish maqsadida “Jasorat maktabi” loyihasi bugun minglab yoshlarimizning hayot maktabiga aylangan muqaddas dargoh boʻlib xizmat qilmoqda.

Nukus garnizonidagi safarbarlik chaqiruvi rezervi batalyoni negizida boshlangan oʻn kunlik harbiy-vatanparvarlik yigʻini hayot yoʻlini toʻgʻri izga solmoqchi boʻlgan yoshlarga “yoʻlkoʻrsatgich mayoq” singari kelajak uchun ulkan rejalar bilan katta hayotga kirib borishiga xizmat qilmoqda. Yigʻin ishtirokchilari oʻn kun davomida shunchaki kun oʻtkazishi emas, balki qatʼiy belgilangan kun tartibi asosida mashgʻulotlarda ishtirok etib, kasb-hunar oʻrganishi, mafkuraviy immunitetini mustahkamlashi, ilk harbiy koʻnikmalarga ega boʻlishiga alohida eʼtibor qaratildi.

Tashkil etilgan yigʻinda yoshlar safarbarlik chaqiruvi rezervi batalyonida 10 kun davomida joylashib, dastlab ularning salomatligi Nukus harbiy gospitalining malakali mutaxassislari tomonidan zamonaviy tibbiy uskunalar yordamida tibbiy tekshiruvdan oʻtkazildi.

Ishtirokchilarga harbiycha ust-bosh kiyimlar berilib, ichki tartib-intizom, harbiycha yurish-turish hamda mashgʻulot jadvali tanishtirildi. Harbiycha hayotga moslashuv jarayonining oson kechishini taʼminlash maqsadida guruhlarga malakali ofitser va serjantlar biriktirildi.

Mashgʻulotlar davomida yoshlar bilan maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlik soatlari tashkil etilib, Nukus shahridagi Qurilish sohasida malakali mutaxassislarni tayyorlash markazi oʻqituvchilari tomonidan kasb-hunar oʻrgatishga yoʻnaltirilgan mashgʻulotlar, pnevmatik miltiqdan oʻq otish kabi darslar oʻtkazildi. “Qoʻmondon va yoshlar” uchrashuvi, davlat va jamoat tashkilotlari, huquqni muhofaza etish organlari xodimlari tomonidan mafkuraviy immunitetni mustahkamlashga qaratilgan profilaktik tadbirlar, tajribali tadbirkorlar ishtirokida biznes forumlar tashkil etildi.

Yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkillashtirish, ular oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib etish maqsadida ular bilan turli sport oʻyinlari va musobaqalar, jismoniy tayyorgarlik mashgʻulotlari oʻtkazildi. Madaniy hordiq olishlarini taʼminlash uchun oʻtkazilgan konsert dasturlari, davra suhbatlari, spektakl tomoshalari ishtirokchilarga xush kayfiyat ulashdi.

Nukusdagi Qoʻrilish sohasida malakali mutaxassislarni tayyorlash markaziga sayohat yoshlarda oʻzgacha taassurot qolishiga sabab boʻldi. Bu yerda qurilish sohasi boʻyicha malakali mutaxassislarni oʻqitish tizimi, yashash va taʼlim olish uchun yaratilgan imkoniyatlar hech kimni eʼtiborsiz qoldirmadi.

Taʼkidlash joizki, “Jizzax tajribasi” asosida boshlangan yigʻin Qoraqalpogʻiston Respublikasi yoshlari orasida ham katta qiziqishga sabab boʻlmoqda. Yaqinda, yigʻinning toʻrtinchi mavsumi oʻz nihoyasiga yetdi. Yuz nafar qoraqalpogʻistonlik yoshlar harbiy-vatanparvarlik tarbiyasiga qaratilgan ushbu maskan bilan xayrlasharkan, tashkilotchilarga ham oʻz minnatdorchiligini izhor etishdi.

“Jasorat maktabi” yigʻinining yopilish marosimi Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazi oldida oʻtkazilib, unda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻmondonligi, kuch tuzilmalari vakillari, Yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmasi rahbariyati, Oʻzbekiston yoshlar Ittifoqi hamda biriktirilgan davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, yoshlar va harbiy xizmatchilar ishtirokida boʻlib oʻtdi. Soʻz olganlar yigʻin bitiruvchilarini samimiy muborakbod etisharkan, kelgusida hayot yoʻllarida omad va zafarlar tilab qolishdi.

Yigʻin davomida yuqori natijalarni qoʻlga kiritgan yoshlar Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻmondonligi hamda hamkor tashkilotlar tomonidan fahriy yorliqlar bilan taqdirlandi.

Tadbir soʻnggida Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Qoraqalpogʻiston Respublikasi kengashi tomonidan texnik va amaliy sport turlarining koʻrgazmasi namoyish etildi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati