“Siyosatnoma”da qoʻshin atmosferasi: josusdan mahbusgacha…

0
910

Tarixdan maʼlumki, barcha davrlarning qonunga teng kitoblari, takror murojaat qilib turiladigan qomusiy manbalari boʻlgan. Biz hikoya qilmoqchi boʻlgan kitob ham toʻqqiz asrdan oshibdiki, koʻpgina xalqlarning amir-u umarolari, mutafakkir-u ijodkorlari, umuman, ziyo ahli eʼtiborini ohangrabodek oʻziga tortib keladi. Hatto Gʻarb mamlakatlarida bu kitob barcha davrlar uchun davlatni, jamiyatni boshqarishda, din-u eʼtiqod pokligini, mamlakat yaxlitligi va daxlsizligini saqlashda, fuqarolar haq-huquqlari va osoyishtaligini himoya qilishda muhim manba boʻlib xizmat qilgan.

Saljuqiy shohlarga 30 yil halol vazirlik qilib, oʻz nomini soʻnmas shon-shuhratga chulgʻagan Nizomulmulk markazlashgan kuchli davlat uchun kurash olib borish bilan birga bu boradagi oʻz kuzatuvlarini jamlab, umumlashtirgan holda ajoyib kitob yaratdi. Unda davlatni boshqarishdagi eng mayda masalalardan tortib, gʻoyat yirik va muhim muammolargacha hammasini oʻzi yashab turgan davrga qadar toʻplangan siyosiy tajribadan kelib chiqqan holda atroflicha yoritib berdi.

Bu asarning yana bir muhim jihati shundaki, unda koʻplab sohalar qatori harbiy xizmatchilar, askar va qoʻriqchilarning haq-huquqlari, ular oʻrtasida yuritilishi zarur boʻlgan nozik siyosat, el-ulus tinchligi yoʻlida ularning zaruriy ahamiyati haqida aytib oʻtiladi.

Asarning 13-fasli “Josuslar va ularning mulk va raiyat tinchligi yoʻlidagi ish tadbirlari haqida” deya nomlangan boʻlib, unda xalq tinchligi yoʻlida josuslarning xizmatlari haqida hikoya qilinadi:

“Josuslarni tevarak-atrofga savdogar, sayyoh, soʻfiy va dori sotuvchisi qilib yuborish kerak, toki ular barcha eshitganlaridan xabar berib tursinlar. Shohga biror voqeaning xabari eshitilmay qolishi mumkin emas. Har bir hodisa haqida unga oʻz vaqtida xabar berilib, tadbiri tezda koʻrilishi shart. Muayyan holatlarda va muqatteʼlar, xizmatchiyu umarolar isyon va muxolifatga azmu qaror qiladilar va podshoh esa bundan xabarsiz qoladi. Agar josuslar tezlik bilan bu haqda xabar bersalar, podshoh ularga qarshilik koʻrsatib, niyatlarini yoʻqqa chiqaradi. Bordi-yu, biror begona podshoh yo lashkar mamlakatni olishga ahd qilgan boʻlsa-yu, raiyatdan biror kishi podshohning yaxshiligi va yoki yomonligini dushmanga maʼlum qilsa, unga jazo beradilar”.

Koʻrinib turibdiki, demak, azaldan mavjud boʻlgan bu soha vakillarining faoliyati har doim ham oson kechmagan. Asarning 14-faslida “Qosidlar va choparlar ahvoli haqida” soʻz yuritilar ekan, oʻsha davr qoʻshinidagi ijtimoiy taʼminot masalalari haqida ham tasavvurlar uygʻonadi. Davlatga muhim xabarlarni oʻz vaqtida yetkazishda choparlarning tezkorligi muhim oʻrinda tursa, ularning ijtimoiy taʼminoti ham doimo nazoratda boʻlgan.

“Hammaga maʼlum yoʻllarga paykollar (choparlar) qoʻyib, ularning oylik xarajatlari va zarur boʻlgan narsalarini berib turish kerak. Shunday qilinsa, har kuni ellik farsang masofadan ham har qanday xabar yetib keladi. Oʻz vazifalarini bajarishlari uchun, eski odatga koʻra, ularning naqiblari ham boʻlishi shart”.

Darvoqe, asarning 19-faslida “Shaxsiy soqchilar va ularning maoshlari, ahvol va ishlarining tartibi haqida” batafsil bayon qilinib, ularning turmushi, kiyinishi, turli jamoalarga mansubligiga ham alohida eʼtibor qaratiladi.

“Saroyda mufrad (shaxsiy, xos soqchi)lar degan hushyor, qaddi-qomati kelishgan, mard va jasur ikki yuz yigitdan iborat maxsus soqchilar va posbonlar boʻlishi zarur. Ulardan yuztasi xurosonlik va yuz nafari daylamiy boʻlgani maʼqul. Safar-u yurushlarda hamisha saroy xizmatida boʻlishlari kerak. Ular yaxshi kiyingan, qurollangan boʻlishlari lozim. Maxsus soqchilardan yigirmatasi oltindan bezak berilgan qurol va qalqon bilan, qolgan bir yuzu saksontasi esa kumushdan bezatilgan qurol va uzun nayzalar bilan qurollanishlari kerak. Ular kiyim-kechak bilan toʻla taʼminlangan boʻlib, ahvolidan xabar olish uchun ellik yigitga bir naqib tayinlanadi. Hammalari oʻz otiga ega boʻlishi lozim, toki muhim holatlarda kerakli narsalardan benasib qolmasinlar. Saroyda doim toʻrt ming piyoda askar amirlari bilan hoziru nozir boʻlishi shart. Ulardan ming kishi podshohning xos askarlari, uch ming nafari esa amirlar va lashkarboshilarga tobe boʻlib, zarurat sezilgandagina ulardan foydalaniladi”.

Turli manbalarda duch kelinadigan tarixiy holatlardan yana biri, shubhasiz, qurol-aslahalarga zeb berish, ularni davr namunalariga muvofiq bezay olish sanʼatidir. “Siyosatnoma”da ham bu holatga alohida urgʻu berilib, asarning 20-faslida “Murassaʼ qurollarini yasash va ularni ziynatlash haqida” gap boradi.

“Hamisha yigirma dona murassaʼ (qimmatbaho zar-zevar va toshu javohirlar bilan bezatilgan) va oddiy shaxsiy qurollar yasalib, xazinada saqlanishi lozim. Biror mamlakatdan elchilar tashrif buyurganda xizmatkorlardan yigirma kishi harbiy kiyimlarda shu qurollar bilan taxt atrofida saf tortib turadilar. Alhamdulilloh, bu mulkning kuchi osmonga yetib, bunday qiyinchiliklardan ozod boʻlsa ham, mulk tartibi va podshohlikning ziynati hamma andozasiga va qudrat darajasiga munosib boʻlishi zarur. Hozirgi vaqtda biror bir podshoh bizning shohimizdan ulugʻroq emas. Shunisi aniqki, podshohlarda boʻlgan har bir sifat shohimizda oʻn karra ortiqroqdir, chunki unda hikmat, qurolu aslaha va aqlu muruvvat ulardagidan yuz marta koʻp va kuchliroqdir”.

Shuningdek, 33-faslda ham “Qurol-yarogʻ va urush asboblarini yasash va ziynatlash tartibi haqida” soʻz boradi.

“Mashhur va boy kishilarga shunday aytish kerakki, qurol-yarogʻlar va urush asboblarini yaxshiroq yasasinlar, qullar sotib olsinlar. Ularning hashamati, yaxshilik va buyukliklari shunda, uy jihozlari, bezak asboblarida emas. Kimki shu maʼnoda ish tutsa, podshoh oldida yoqimli va lashkar orasida obroʻsi katta boʻladi”.

Koʻrinib turibdiki, mudofaa tizimining har bir jabhasiga nozik siyosat sifatida qaralgan. Ayniqsa, askarning turmush tarzi, ijtimoiy taʼminoti, yer va mulkka egalik qilish huquqi qatʼiy ravishda nazoratga olingan. Asarning 23-faslida “Lashkar ishlarining aniqlanishi haqida” soʻz borar ekan, jumladan, shunday deyiladi:

“Lashkar hol-ahvolini toʻgʻri aniqlash kerak va iqtaʼli kishilarning qoʻllarida iqta (yer, mulk) mutlaq va muqarrar boʻlishi shart. Iqta tegishli boʻlmagan sarbozlar haqlarini ham koʻzda tutish lozim. Agarda ularning haqlari aniqlangan boʻlsa, hamma lashkar haqini oʻz vaqtida berish kerak. Ammo podshoh ijozatisiz xazinadan olib berish man etiladi. Yaxshisi, podshoh oʻz qoʻli bilan lashkar ahliga haq bersin. Shunda ularning mehrlari va sadoqatlari qalblarida mustahkam boʻladi. Xizmat paytida, urush davomida ular sabotli boʻladilar. Eski zamon podshohlarida shunday qoida boʻlgan: lashkar ahliga iqta bermas ekanlar. Har bir kishi oʻz vazifasiga yarasha yiliga toʻrt marta xazinadan nakd pul olarkan. Ular doimo taʼminlangan va kamchiliksiz boʻlgan. Agarda biror muhim ish chiqib qolsa, tezlik bilan ikki ming otliq hozir qilinib, shu zarur ish bajarilgan. Omillar tezlikda xirojlarni yigʻib, xazinaga topshirar ekanlar. Lashkar askarlari uchun xazinadan har uch oyda bir marotaba maosh berilgan. Bistagoniy deb atalgan bu tartib mahmudiylar xonadonida haligacha mavjud.

Iqtaʼ egalariga aytadilarki, ularning qoʻshinlaridan biror kishi halok boʻlsa, yo sababsiz gʻoyib boʻlsa, yashirmay maʼlum qilsinlar. Lashkarboshi ham gʻoyib boʻlgan kishi maoshi va molini muhofaza etib, ahvolini aniqlaydi. Zarur holda hozir boʻlgan kishilardan lashkar yuboradi. Agarda biror kishi maʼlum sabab bilan qolib ketsa, tezlik bilan xabar berish lozim, toki bu boshqalarga maʼlum boʻlsin. Shu yoʻsinda ish olib borilmasa, aybdorlarga jazo berilib, mol-mulkidan jarima olinadi”.

Koʻrinib turibdiki, lashkarni har doim tartibli saqlash, ular oʻrtasida adolat oʻrnatish turli murakkabliklarni keltirib chiqargan. Ammo buning oʻziga xos talablari boʻlganki, ana shu oltin oʻrtaliq haqida asarning 24-faslida – “Turli xil lashkar saqlash haqida” qismida quyidagicha fikr yuritiladi:

“Agar lashkar bir turdan boʻlsa, bu xatarli boʻlib, tartibsizlik vujudga keladi. Qoʻshin har xil qabiladan boʻlishi kerak. Saroyda daylamiy va xurosonliklardan ming kishilik lashkar boʻlishi shart. Bor lashkarni saqlab, qolganlarini toʻldirish zarur. Agar ulardan baʼzilari gurji va baʼzilari fors yigitlaridan boʻlsa yaxshidir, chunki ular yaxshi kishilardir”.

Muallif bu oʻrinda quyidagi hikoyatni keltirib oʻtadi:

“Sulton Mahmudning shunday odati bor ekan: har turli qabila va xalqdan qoʻshin tutar ekan. Masalan, turklardan, xurosonliklardan, arab, hindiy, gʻuriy va daylamiylardan. Yurishlardan oldin har kechasi qancha kishi soqchilikka borishi aniqlanadi. Xar bir guruhning joyi belgilangan boʻladi. Har bir dasta boshqa harbiy guruhdan xavfsirab, joyidan jilmasdi va ertalabgacha tinchlik saqlanadi.

“Falon kishi urushda sustlik qildi”, – deb hech kim aytolmasdi. Hamma bir-biridan qolishmay, qahramonlarcha jang qilardi. Jangchi kishilarning qoidalari shunday edi: hammalari birgalikda urushda faol qatnashardilar. Albatta, qoʻlga qurol olgandan soʻng dushman lashkarini magʻlub etmaguncha chekinishmasdi. Agarda bunday lashkar bir-ikki marotaba dushman qoʻshini ustidan zafar qozonsa, shundan soʻng ulardan yuz nafar otliq kishi ming nafar dushman askarini ham pisand qilmasdi. Bunday lashkarga qarshilik qilib boʻlmaydi. Atrofdagilar bu podshohdan qoʻrqadilar, unga itoat qiladilar. Hech kim qarshilik qilish fikriga bormaydi”.

Jang qanchalik shafqatsiz boʻlmasin, unda qurbonlar va asirlar boʻlishi tabiiy. Garovga olinganlar esa mamlakat siyosatida alohida ahamiyat kasb etgan. Asarning 25-faslida “Saroyda garovga olinganlar va turli qabila qoʻshinlarini saqlash haqida” qoʻyidagicha keltirib oʻtiladi:

“Arab, kurd, daylamiy, rumiylar hamda itoat saqlaydigan yoki endi tobelikka buyin eggan, ishonchsiz boʻlgan amirlarga aytish kerakki, saroyga oʻgʻillari yo akalarini, har holda besh yuz kishidan ortmaydigan kishilarni garov sifatida yuborsinlar. Bir yildan keyin badaliga boshqalarni joʻntib, ularni oʻz yurtlariga qoʻyib yuborish kerak. Ular oʻrniga odam yubormasalar, bular ham yuborilmaydi. Shunday qilib, garovga olinganlari sababli hech kim osiy boʻlib, podshohga qarshi bosh koʻtarmaydi. Daylamiylar, Koʻhiston va Tabariston aholisi, Shabonkora va shularga oʻxshash kishilar iqtaʼ va bir burda noni bor kishi ham qarshilik koʻrsatmaydi. Hamisha ulardan besh yuz kishini saroyda doimiy saqlash kerak, chunki zarur boʻlgan vaqtda saroy jangchilardan boʻshab qolmasin”.

“Siyosatnoma” – shunchaki qoʻllanma emas. Unda qoʻshin atmosferasini toʻla taʼminlashda, xususan, jangchining eng kichik hayotiy ehtiyojlarini ifoda etishda mukammal pogʻonalar ishlab chiqilganki, bu har qanday odob va meʼyor doirasiga mos keladi. Xususan, asarning 32-faslida “Lashkar, xizmatchilar va yaqin kishilarning hojat va iltimoslarini bildirish tartibi” oʻziga xos tarzda bayon etiladi:

“Ularning har qanday iltimos va hojatlari lashkarboshi va rahbarlar tilidan bayon etilishi maqsadga muvofiqdir. Ana shunda bu boshliqlarning hurmati ham oʻz joyida boʻladi. Agar har bir tobe kishi oʻz istagi, xohishini oʻzi bayon qilsa, boshliqning hurmat va obroʻsi qolmaydi. Lashkar ichidagi askar lashkarboshini mensimay, hurmat qilmay, haddidan oshib ketsa, unga jazo berish lozim. Katta va kichik unvonlarning farqi va oʻlchovi ham shundadir”.

Podshohning xos kishilari, yaʼni unga yaqin yuruvchi kishilar ham doim nazoratda turmogʻi lozim. Xususan, posbonlar va qorovullar davlat sirlarini yaxshi bilguvchi kishilar sanaladi. Asarning 35-faslida “Posbonlar, navbatchilar va qorovullar ishlarining tartibi haqida” soʻz borar ekan, posbonlar, navbatchilar va eshik oldida turgan xos soqchilardan ehtiyot boʻlish lozimligiga alohida eʼtibor qaratiladi:

“Kimki bularga ishi tushsa, ularni tanib olishi kerak. Chunki bular kuchsiz, tamagir va tillaga tez sotiluvchan boʻladilar. Begona kishini koʻrsalar, tekshirib hol soʻraydilar. Har kecha navbat bilan xizmatga kelishda uygʻoq boʻlishlari, kechayu kunduz gʻofil boʻlmasliklari zarur, chunki bu ish juda nozik va ulugʻ boʻlib, ehtiyotkorlik shart”.

Barchamizga maʼlumki, qadimdan jazolovchi kuch egalariga nisbatan aholi oʻrtasida, ayniqsa, qoʻshinda oʻzgacha hadik boʻlgan. Hatto ularning martabasi saroyning bosh a’yonlarini ham choʻchita olgan. Asarning  40-faslida “Amiri harros va kaltakchilar haqida” toʻxtalinar ekan, ularning umumiy qiyofasiga quyidagicha taʼrif beriladi:

“Amiri harros (zindonlar va mahbuslar boshligʻi) hamma zamonda eng ulugʻ amaldorlardan hisoblanardi, hatto katta hojibdan ham martabasi ulugʻroq edi. Boshqa biror kishi saroyda mahbuslar amiridan yuqori va shukuhli boʻlmagan. Sababi shundaki, uning ishi jazo berish bilan bogʻliq. Hamma podshoh gʻazabi va uqubatidan qoʻrqadi-da. Agarda podsho birovga jahl qilsa, mahbuslar amiriga buyurib, uning boshini olar, qoʻl-oyogʻini kestirar, dorga osib yo urib, zindonband etib, chohga tashlardi. Odamlar endi mol-hol xarj qilib jonlarini saqlashni oʻylamasdilar. Amiri harrosda hamisha nogʻora, bayroq va navbatchilar boʻlgan. Odamlar podshodan koʻra mahbuslar amiridan koʻproq qoʻrqardilar.

Bugungi kunlarda bu amalning martabasi tushib ketgan, uning rivoji unutilgan. Saroyda kaltakchilardan kamida ellik kishi boʻlishi lozim. Ulardan yigirma kishi tilla choʻp bilan, yigirma kishi kumush choʻp bilan va oʻn nafari katta kaltaklar bilan qurollanishlari maʼqul. Mahbuslar amiri esa yaxshi taʼminlangan boʻlib, eng katta ehtirom va hashamatga ega boʻlishi lozim”.

Yuqorida keltirilgan maʼlumotlardan ham yaqqol ayon boʻladiki, “Siyosatnoma” – har bir podshohning asrlar davomidagi muhim qoʻllanmasi, yoʻriqnomasi boʻla olgan. Bugungi kunda ham dunyo mamlakatlari ushbu asarga katta qiziqish bildirayotgani kitobning qanchalik qimmatli manba ekanini isbotlab turibdi.

Kapitan Bobur ELMURODOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti