Mudofaa vazirligida Bobur tavalludiga bagʻishlangan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi

0
1880

Mudofaa vazirligi markaziy aparatida 14-fevral — shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud kuniga bagʻishlab maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi. “Boburning ijodida vatanparvarlik qarashlar” mavzusida oʻtkzilgan mazkur tadbirning avvalida atoqli shoirning ijodidan parchalar, sheʼriy monologlar oʻqildi.

Soʻngra “Turon” teatri jamoasi tomonidan sahnalashtirilgan badiiy chiqishlar yigʻilganlarga havola etildi.

Shuningdek tadbir davomida soʻzga chiqqanlar Boburning hayoti va ijodi yoshlarga ibrat sifatida talqin etilib, uning harbiy sarkardalik mahorati xususida soʻz yuritdi. Uning “Boburnoma” asarida tilga olingan jugʻrofik hududlar, hayvonot va nabotot olamiga oid faktlar hali-hanuz dunyo olimlari tomonidan oʻrganilayotgani, sarkardalik mahorati esa harbiy qoʻllanma boʻla olishiga alohida urgʻu berildi.

– Bobur bitta maqsad yoʻlida harakatdan toʻxtamagan, – deydi Alisher Navoiy nomidagi oʻzbek adabiyoti va sanʼati universiteti dotsenti Dilafruz Muhammadiyeva. – Uning shaxsiyatini taʼriflar ekanmiz kerakli vaqtda mehribon, kerakli vaqtda qattiqqoʻl ekanligiga ham amin boʻlamiz. U shoh boʻlishiga qaramasdan farzand tarbiyasida ham shugʻullanishga vaqt topa olgan inson boʻlgan. Uning Humoyun Mirzoga: “Xatingni oson yoz. Oʻqigan inson uni oson tushunsin” deya nasihat qilishining oʻzi ham Boburning qanday ota boʻlganini koʻrsatib beradi. Uning hayoti yoshlarga ibrat va namuna boʻla olishi, vatanparvarlik hissini uygʻotishida ham dasturilamal boʻlishi mumkinligiga ishonchim komil.

Qurolli Kuchlar akademiyasida ham sana munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi. Ayniqsa, “Zahiriddin Muhammad Boburning o‘rta asr Sharq madaniyati, adabiyoti va she’riyatiga qo‘shgan hissasi” mavzusida  bo‘lib o‘tgan badiiy kecha barcha uchun birdek manzur bo‘ldi.  

Ta’kidlash kerakki, Bobur mohir  lashkarboshi,  davlat  va  madaniyat  arbobi,   buyuk  shoir,  adib, tarixchi  olim  sifatida ko‘p yillardan buyon avlodlar tomonidan  o‘rganib  kelinmoqda. Kursantlar ishtirokida kechgan tadbirda  ana shu jihatlarga e’tibor qaratildi.

Shuningdek, Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtida Bobur tavalludining 541 yilligiga bag‘ishlab madaniy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Tadbir doirasida bilim yurti kursantlari, muddatli harbiy xizmatchilar hamda Toshkent iqtisodiyot va pedagogika instituti talabalari o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yini o‘tkazildi.

Mudofaa vazirligiga qarashli Toshkent shahrida joylashgan harbiy qism madanyat markazida ushbu sana munosabati bilan tashkil etilgan tadbirga esa O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti masullari va bir guruh faol talabalar taklif qilindi.

Nukus garnizonida tashkil etilgan tadbirda bo‘lsa harbiy xizmatchilari va ularning oila aʼzolari, “Toʻmaris xalq ansambli” va Ajiniyaz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti Turkiy tillar fakulteti talabalari ishtirok etib, “Bobur hayoti va faoliyati – barchamizga oʻrnak” mavzusida maʼruza qilishdi. 

Sherzod Egamberdiyev, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti