Shoh va shoir tavalludiga bag‘ishlangan adabiy kecha

0
1266

Zahiriddin Muhammada Bobur buyuk shoir, qomusiy olim, davlat arbobi va mohir sarkarda. U o‘zining ijodiy faoliyati va kuchli siyosati bilan dunyo tarixida o‘chmas iz qoldirgan shaxs sifatida ilm-fan rivojiga ulkan hissa qo‘shgan insondir.

Boburning ilmiy va badiiy boy merosini o‘rganish, harbiy xizmatchilar va maktab o‘quvchilari o‘rtasida mohir sarkardaning harbiy mahoratini targ‘ib qilish maqsadida Toshkent viloyatida joylashgan harbiy qismlarning birida adabiy-badiiy kecha bo‘lib o‘tdi. Tadbirni Toshkent viloyati Faxriylar kengashi raisi o‘rinbosari Inomjon Xudoyberdiyev ochib berdi.

Kechada dastlab Boburning hayoti va ijodi haqida Chirchiq davlat pedogogika universiteti professorlarining ma’ruzalari tinglandi. Shundan so‘ng, harbiy xizmatchilar va yoshlar ishtirokida Boburning g‘azal va tuyuqlaridan parchalar o‘qildi, muddatli harbiy xizmatchilar ishtirokida esa harbiy yurishlari haqida sahna ko‘rinishi gavdalantirildi.

Shuningdek, kecha davomida “G‘azalxonlik maktabi” to‘garagi a’zolari tomonidan sahnalashtirilgan “Shoh va shoir”, “Andijonda ko‘nglum” kabi sahna asarlari tomoshabinlarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlagan bo‘lsa, “Vatang‘a yetgum oxiri” monologi barchani Bobur ijodini yanada ko‘proq o‘rganishga undagan bo‘lsa ajabmas.

Zahiriddin Muhammada Bobur tavalludining 541 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan kecha barchaga birdek manzur bo‘ldi.

Feruza Nuratdinova, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti