Chegaraoldi hudud yoshlari Nukusdagi harbiy qism mehmoni boʻldi

0
1653

Nukus garnizonida “Biz – Yangi Oʻzbekiston yoshlarimiz!” shiori ostida “Ochiq eshiklar kuni” boʻlib oʻtdi. Harbiy okrug qoʻmondonligi hamda Nukus harbiy prokuraturasi tashabbusi bilan tashkil etilgan ekskursiyaga Xoʻjayli tumanining chegaraoldi hududida joylashgan “Amudaryo” va “Sarishungul” ovul fuqarolar yigʻinida yashovchi 300 nafardan ortiq yoshlar ishtirok etdi.

Yoshlarning Vatanning buguni va kelajagi uchun daxldorlik hissini oshirish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, milliy armiyamizga ishonch toʻygʻusini yanada yuksaltirish maqsadida oʻtkazilayotgan targʻibot tadbirlari doirasida boʻlib oʻtgan ekskursiyada yoshlar dastlab Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazida Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug tarixidan soʻzlovchi moʻjazgina muzey ekspozitsiyasi bilan yaqindan tanishdi.

Soʻng yoshlar diqqatiga jangovar texnikalar va qurol-aslahalar koʻrgazmasi havola etilib, harbiy mutaxassislar tomonidan milliy armiyamiz jangovar qudrati haqida maʼlumotlar berib oʻtildi. Harbiy qismda askarlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, harbiylar hayoti yoshlarni befarq qoldirmadi. Harbiy qismning kichik dala-oʻquv maydonida yurt himoyachilarining kasbiy mahoratini oshirishga qaratilgan mashgʻulotlar oʻgʻil-qizlarda juda katta qiziqish uygʻotdi. Ayniqsa, Xoʻjayli tumanining olis ovullaridan kelgan yoshlar uchun shu kuni harbiy qism saf maydonida askarlarning koʻrgazmali qoʻl janggi namoyishi ularda katta taassurotlar qoldirdi.

Tadbir soʻngida Qurolli Kuchlar faxriylari hamda harbiy prokuratura xodimlari tomonidan soʻnggi yillarda yurtimizda, xususan, milliy armiyamizda amalga oshirilayotgan keng islohotlar, harbiy xizmatchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar va imtiyozlar haqida maʼruzalar tinglandi. Yoshlar oʻzlarini qiziqtirgan savollariga batafsil javob olishdi.

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati