“Shonli tarixdan buyuk kelajak sari”

0
951

Qarshi shahrida joylashgan harbiy qismda shahardagi mahallalardan bir guruh uyushmagan yoshlar va shaharning bir nechta maktablari oʻquvchilarini jalb etgan holda keng qamrovli “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri tashkil etildi.

Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi, viloyat madaniyat boshqarmasi hamda boshqa kuch tuzilmalari bilan hamkorlikda oʻtgan tadbir dastlab harbiy qism saf maydonida tarixiy siymolar gavdalantirilgan holda chiqishlar bilan boshlandi.

Shundan soʻng, harbiy xizmatchilar tomonidan bugungi kunda milliy armiyamizda foydalanilayotgan qurol-aslaha, anjomlar va oziq-ovqat mahsulotlari koʻrgazmasi ham tashkil etildi. Har bir jihozga alohida eʼtibor qaratib, yurt himoyachilariga turli savollar bilan yuzlanayotgan yigit-qizlar Vatan mudofaasi ishonchli qoʻllarda ekaniga yana bir bor amin boʻldilar.

Harbiy qism madaniyat markazida buyuk bobokalonlarimiz Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur va jadidlar hayotidan parchalar namoyishi ziyo maskani sanaladigan kutubxonada ham davom etdi. Ayniqsa, harbiy xizmatchilar tomonidan tayyorlangan mohir sarkarda Boburning jangovar yurishlarini ifodalovchi sahna koʻrinishi barchada oʻzgacha taassurot qoldirdi.

Harbiy xizmatchilar va yoshlar oʻrtasida doʻstona ruhda oʻtkazilgan arqon tortish, qoʻl kurashi singari sport bellashuvlari viloyatning taniqli sanʼatkorlari hamda Qarshi garnizoni harbiy orkestri ijrosidagi konsert dasturlariga ulanib ketdi.

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati