Yurt posbonlari angorlik yoshlarga quvonch ulashdi

0
1549

Surxondaryo viloyati Angor tuman hokimligi, Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qoʻmondonligi hamda viloyat mudofaa ishlar boshqarmasi hamkorligida yoshlarning yurtga sadoqat tuygʻusini mustahkamlash hamda ular orasida harbiylik kasbiga bo‘lgan qizishni oshirish maqsadida vatanparvarlik festivali o‘tkazildi.

Tadbir tuman markazida harbiy orkestr jamoasining chiqishlari hamda harbiy xizmatchilarning saf yurishi bilan boshlandi. Festivalning tantanali ochilish marosimida Angor tuman hokimi Qosim Mardonov so‘z olib, Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimiz Qurolli Kuchlarida amalga oshirilayotgan islohotlar yosh avlodning harbiy sohaga qiziqish va intilishini kuchaytirishga xizmat qilayotganini alohida taʼkidladi.

Tumanda joylashgan 7-umumta’lim maktabi hududida tuman hokimi sovrini uchun o‘quvchi yoshlar oʻrtasida tashkil etilgan tosh koʻtarish, arqon tortish kabi musobaqalar ham festivalga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi. Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining harbiy estafeta sport musobaqasi davomida esa yoshlar oʻzlarining nechogʻlik chaqqon va mergan ekanliklarini amalda namoyon etdilar.

Eng epchil va uddaburon yoshlar mosobaqa g‘olibligini qo‘lga kiritib, faxriy yorliq va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.