“Korrupsiyaga qarshi kurash – Vatan taraqqiyotining kafolati”

0
100

Qarshi shahar aholi dam olish markazi zalida Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug qoʻmondonligi, Qarshi harbiy prokuraturasi, Qashqadaryo viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi, Qarshi harbiy sudi masʼullari ishtirokida “Korrupsiyaga qarshi kurash – Vatan taraqqiyotining kafolati” mavzusida tadbir tashkil etildi.

Viloyat mudofaa ishlar boshqarmasi, tuman va shahar mudofaa ishlar boʻlimlarining barcha toifadagi shaxsiy tarkibi, boshqa kuch tuzilmalari masʼullari bilan oʻtgan tadbir muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruv hamda belgilangan xizmat muddatini oʻtab boʻlgan muddatli harbiy xizmatchilarni Qurolli Kuchlar rezerviga boʻshatish davrida korrupsiyaga qarshi kurashish, jinoyatchilikni oldini olish mavzulariga qaratildi.

Dastlab, sohada erishilgan yutuqlar eʼtirof etilib, yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni bartaraf etish borasida fikrlar muhokama qilindi.

Soʻz olganlar yigʻilganlardan harbiy xizmatni oʻz yigitlik burchi deya, sadoqat bilan xizmat qilishni maqsad qilgan boʻlajak askarlarni saralash jarayonlarida adolatli yondoshuvni soʻradilar. Hech bir jinoyat esa jazosiz qolmasligi alohida taʼkidlandi. Masʼullar korrupsion holatlar uchun qonunchilikda belgilangan jazo choralari haqida maʼlumot berdilar.

Har qanday mamlakat taraqqiyotini ildizidan yemiruvchi eng zararli illatlardan biri shubhasiz korrupsiya, albatta. Unga qarshi kurashishda barcha bir musht boʻlib harakat qilsagina koʻzlangan maqsadga erishish mumkin.

Tadbirda ushbu masalalar muhokamasi bilan bir qatorda ishtirokchilar ham oʻzlari uchun muhim boʻlgan savollariga javoblar oldilar.