Buyuk ajdodlar xotirasiga ehtirom

0
1345

Har yili fevral oyi “Navoiyxonlik” “Boburxonlik” oyligi sifatida mamlakatimizda keng miqyosdagi adabiy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etiladi. Ana shu munosabat bilan bu yil joylarda oʻzbek adabiy merosining zabardast namoyondalari – Alisher Navoiy tavalludining 583 yilligi va Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 541 yilligi keng nishonlanmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi, kuch tuzilmalariga qarashli harbiy qismlar, muassasalar hamda harbiy oliy taʼlim dargohlarida bu ikki alloma, davlat arbobi boʻlgan bu ikki buyuk ajdodimiz shaxsiyati bilan bogʻliq tarixiy maʼlumotlar yodga olinadi. Alisher Navoiy hamda Zahiriddin Muhammad Bobur ijodiga mansub asarlar talqinida sahna koʻrinishlari, gʻazalxonlik va ruboiyxonlik kechalari oʻtkaziladi. Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti hamda Zangiota tumanidagi harbiy qismda tashkillashtirilgan adabiy kecha ham buning yaqqol misolidir.

Faxriylar, jamoatchilik vakillari, yoshlar hamda Aloqa harbiy instituti kursantlari, harbiy xizmatchilar ishtirokida boʻlib oʻtgan tadbirda kursantlar ijrosida buyuk allomalar hayotiga oid sahna koʻrinishlari namoyish etildi. Taʼlim maskani ustozlari Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur yashagan davr tarixi, maʼlumotlardan iborat maʼruzalari bilan qatnashdi. Ularning davlat arbobi sifatida olib borgan ishlari, jangu-jadallardagi harbiy strategiyalari muhokama qilindi. Jahon va oʻzbek adabiyotida chuqur iz qoldirgan adiblar merosining oʻrni beqiyosligi taʼkidlab oʻtildi.

Tadbir yakunida “Navoiyxonlik” va “Boburxonlik” kechasida faol ishtirok etgan kursantlar, harbiy xizmatchilar institut hamda harbiy qism rahbariyati tomonidan ragʻbatlantirildi. Kitobsevar yoshlarga esa buyuk allomalarning asarlari taqdim etildi.

Asror Ro‘ziboyev, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti