Milliy va vatanparvarlik ruhini shakllantirish yoʻlidagi hamkorliklar

0
1945

Harbiy xizmatchilarda milliy ruhni shakllantirish hamda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida Markaziy harbiy harbiy okrugning barcha garnizonlaridagi harbiy qism va muassasalarda hamkorlikdagi ishlarni yoʻlga qoʻyish boʻyicha memorandumlar imzolandi.

Unga koʻra, harbiy qism va muassasalar bilan Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi, Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazining hududiy boʻlimlari, “Nuroniy” jamgʻarmalari, viloyatlarning madaniyat boshqarmasi, Axborot-resurs markazlari, Yoshlar ishlari agentligi va Yoshlar ittifoqi, Maktab va maktabgacha taʼlim hamda Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boshqarmalari oʻrtasida hamkorliklar yo‘lga qo‘yildi.

Ushbu hamkorlik dasturlariga asosan tomonlar harbiy xizmatchilarning milliy ruh, sadoqat, mardlik kabi hislarini yanada oshirish hamda yoshlarni vatanparvarlikka chorlovchi kitobxonlik kechalari va tanlovlarini oʻtkazish, milliy va harbiy sport musobaqalarini tashkil etish, shuningdek, ularning bandligini taʼminlash, ajdodlarga munosib avlod etib tarbiyalash maqsadida turli uchrashuvlar, tarixiy obidalar va muzeylarga sayohatlarini tashkil etish nazarda tutilgan.

Umuman olganda, “Yangi Oʻzbekiston — yangicha dunyoqarash” degan ezgu tamoyil asosida belgilanayotgan ushbu hamkorlik rejalari milliy armiyamizning qudratini oshirish bilan birga yoshlarimizni Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Al-Xorazmiy, Imom Buxoriy hamda maʼrifatparvar jadidlarimiz kabi koʻplab ajdodlarning munosib avlodi boʻlishga undaydi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati