MILLATNING IKKI DAHO, IKKI BUYUK SHOIRI

0
2414

Millat shaʼnining ulugʻligi, millat kelajagining buyukligi uning moziyga tutash oʻtmishi – ildizi bilan uzviy bogʻliq. Jahon maydonida qad rostlab turgan ulugʻ siymolarimizdan biri buyuk bobokalonimiz Alisher Navoiy boʻlsa, ikkinchisi Zahiriddin Muhammad Boburdir.

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari davlat muzeyida ikki buyuk mutafakkir tavallud kuniga bagʻishlangan “Betakror va barhayot siymolar” mavzusida adabiyot kechasi boʻlib oʻtdi. Tadbirda harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari ishtirok etishdi. Tadbir Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli sanʼatkorlarining “Nazm va navo” kuyi bilan boshlandi.

Kecha ishtirokchilari Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi, Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi direktori oʻrinbosari, dotsent Otabek Joʻraboyevning Navoiy merosining olamshumul ahamiyati, Tarix ilmiy tadqiqot instituti tayanch doktoranti Davronbek Olimjonovning Zahiriddin Muhammad Bobur tarixi bilan bogʻliq qiziqarli maʼruzalaridan bahramand boʻlishdi.

Toshkent shahar Faxriylar kengashi raisi oʻrinbosari, isteʼfodagi polkovnik Yoʻldoshali Rahmonov ikki buyuk ajdodimizning vatanparvarligi, xalqparvar va buyuk isteʼdod sohibi ekanliklariga misollar keltirib, Hirot shahriga qilgan safari haqida gapirib berdi.

Darhaqiqat, tadbir mehmonlari toʻxtalib oʻtganidek, Nizomiddin Mir Alisher Navoiy ulugʻ shoir va olim, buyuk mutafakkir va davlat arbobi, oʻzbek adabiyoti va adabiy tili asoschisi sifatida millat, dunyo tarixida oʻchmas iz qoldirgan benazir zotdir. Izlagan imkon topar deganlaridek, tarix qatlarida ulugʻ ajdodlarimiz haqida yozib qoldirilgan qiziqarli maʼlumotlar va haqiqatlar mavjudki, olimlarimiz sabab biz ulardan bahramand boʻlamiz.

Oʻz davrining yetuk shoiri, olimi, musiqashunosi, siyosatdoni boʻlgan Navoiy ilmu madaniyatga katta eʼtibor qaratgan. Qirq toʻrt nafar olimni maosh bilan taʼminlagan. Albatta bu misollar ulugʻ bobokalonimizning insoniyligi va xalqparvarligidan bir tomchi.

Oʻn ikki yoshida taxtga oʻtirgan Zahiriddin Muhammad Bobur esa butun umr kurashib yashadi. Temuriyzodalar orasida nifoq oʻrnida doʻstlik, hamjihatlik oʻrnatish yoʻlida zahmat chekdi. Uning adolati, xalqparvarligi davlatining gullab-yashnashiga xizmat qildi. Davlat ishlaridan ajralmagan holda sheʼriyat va adabiyot bilan shugʻullandi.

Mudofaa vazirligi tasarrufidagi “Turon” davlat harbiy teatri jamoasi tomonidan Boburni talqin etgan qisqa, ammo taʼsirli sahna koʻrinishi tadbir ishtirokchilari olqishiga sazovor boʻldi.

Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli taniqli xonandasi Dadaxon Gʻaniyev tomonidan ulugʻ shoirlarimiz sheʼri bilan kuylangan qoʻshiqlar davraga oʻzgacha fayz kiritdi.

Maʼdaniy-maʼrifiy tadbir soʻngida Mudofaa vazirligi Maʼdaniyat va maʼrifat markazi tomonidan kechaning faol qatnashchilariga tashakkurnomalar taqdim etildi.

Zulfiya YUNUSOVA, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti