Nukus garnizonida Alisher Navoiy tavalludi nishonlandi

0
1091

Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazida gʻazal mulkining sultoni Alisher Navoiy tavalludining 583 yilligi munosabati bilan badiiy kecha boʻlib oʻtdi.

Badiiy kecha davomida Alisher Navoiy yaratgan asarlar necha asrlar oʻtsa ham insoniyatni yaxshilikka, maʼnaviy-axloqiy kamolotga undab kelayotgani bilan nafaqat millatimiz, balki butun dunyo uchun ham gʻoyat qadrli ekanligini taʼkidlab oʻtishdi.

Darvoqe, ulugʻ mutafakkir, soʻz mulkining sultoni Alisher Navoiyning boy maʼnaviy merosi asrlar osha butun bashariyatni hayratga solib, insonlar qalbiga, ong-u shuuriga ezgulik, insonparvarlik, saxovat, mehr-muruvvat ziyosini taratib kelmoqda. Mamlakatimizda ulugʻ bobokalonimizga ehtirom koʻrsatish, asarlarini oʻrganish, uni dunyoda keng targʻib etishga katta eʼtibor berilyapti.

Insonlarni ezgulik va komillikka yetaklovchi Navoiy asarlari bugun yosh-u qarining koʻnglidan joy olib, tarbiya oʻchogʻida maktab vazifasini oʻtab kelmoqda. Shoir tavalludining 583 yilligi munosabati bilan oʻtkazilgan turli maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar zamirida Alisher Navoiyga bildirilgan chuqur hurmat va ehtirom namunasi aks etmoqda.

Tadbirning badiiy qismida 44-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabi oʻquvchilari hamda askarlar tomonidan tayyorlangan badiiy chiqishlar, gʻazalxonlik bellashuvlari, kuy va qoʻshiqlar tomoshabinlarga maʼnaviy zavq bagʻishladi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati