Qashqadaryodagi harbiy qismda “Ochiq eshiklar kuni” boʻlib oʻtdi

0
1406

Qashqadaryo viloyati Muborak tumanida joylashgan harbiy qismda tumanning 34 ta umumiy oʻrta taʼlim maktablaridan 500 ga yaqin oʻquvchi jalb etilgan holda “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etildi.

Tegishli idoralar bilan hamkorlikda oʻtgan tadbirda dastlab mehmonlar harbiy qism saf maydonida yoyilgan turli oʻquv nuqtalarida qurol-aslaha va harbiy anjomlar bilan tanishib, ular haqida koʻplab maʼlumotlarga ega boʻldilar. Harbiy qismda yaratilgan shart-sharoit va imkoniyatlarni koʻzdan kechirgan yoshlarda harbiy xizmatchi boʻlishga nisbatan ishtiyoq ortgani aniq.

Shundan soʻng ertamiz egalari harbiy qism tarixi muzeyida yildan yilga takomillashib borayotgan milliy armiyamiz haqida, yurt himoyachilari bosib oʻtgan shonli yoʻl borasida koʻnikmalarga ega boʻlishdi.

Harbiy qism madaniyat saroyida Muborak tumanida joylashgan 2-, 24- hamda 34-umumiy oʻrta taʼlim maktabining “Vatan tayanchi” bolalar va oʻsmirlar harbiy vatanparlik harakati aʼzolariga koʻkrak nishon hamda guvohnomalarni tantanali topshirildi.

Koʻzida shijoat yuragida Vatanga muhabbat mavjlanayotgan oʻquvchi yoshlar barcha mehmonlar guvohligida yurtga sadoqatli farzand, tengdoshlariga oʻrnak boʻlishga vaʼda berdilar.

Yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan bu kabi tadbirlar okrug miqyosida tizimli ravishda davom etmoqda.

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati