Togʻ tayyorgarligi mutaxassislarimiz ozarbayjonlik harbiy xizmatchilar malakasini oshirmoqda

0
2037

Bugungi kunda Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasida tarixan shakllangan yaqin doʻstona munosabatlar yanada jadallik bilan rivojlanib bormoqda. Hamkorlik aloqalarining harbiy sohada ham rivoj topib borishi, shubhasiz, ikki qardosh xalq manfaatlari va Qurolli Kuchlari yuksalishiga xizmat qiladi.

Ozarbayjon Respublikasi Mudofaa vazirligining bir guruh harbiy xizmatchilari yurtimizdagi “Chimyon” togʻ tayyorgarligi oʻquv-mashqlar markaziga tashrif buyurib, “Togʻ yetakchisi” oʻquv kursida ishtirok etayotgani ham harbiy hamkorlik aloqalarining rivojlanib borayotganidan dalolat beradi.

Darhaqiqat, bugun zamonaviy talablar asosida faoliyat yuritayotgan “Chimyon” togʻ tayyorgarligi oʻquv-mashqlar markazi harbiy xizmatchilarning togʻli hududlardagi qiyin sharoitlarda jang olib borish boʻyicha bilim va koʻnikmalarini oshirishda, boyitib borishda dasturul amal boʻlib xizmat qilmoqda. Mashgʻulotlar oʻquv-mashqlar markazining malakali yoʻriqchi mutaxassislari tomonidan zamonaviy metodlar asosida olib borilmoqda. Turli fasllarga moʻljallangan oʻquv kurslarida ishtirokchilar dastlab nazariy, soʻng esa amaliy mashgʻulotlar orqali bilim va koʻnikmalarini oshirib borishadi.

Ozarbayjonlik harbiy xizmatchilar ham oʻquv kursi rejasiga koʻra, dastlab nazariy mashgʻulotlarda ishtirok etishdi. Shundan soʻng togʻ anjomlaridan samarali foydalanish, qoyaga koʻtarilish va tushish, tabiiy togʻ toʻsiqlari yoʻlagidan oshib oʻtish, togʻli sharoitda oʻq otish, yaradorga birinchi tez tibbiy yordam koʻrsatish va xavfsiz evakuatsiya qilish boʻyicha olingan nazariy bilimlar amaliyotda mustahkamlandi.

Oʻquv kursi davomida togʻli hududlarda taktik jangovar harakatlarni olib borish, chuqur qorli, muzli hududlarda harakatlanish boʻyicha bilimlarimizni mustahkamladik. Qisqa vaqt mobaynida oʻzbekistonlik harbiy ximzatchilardan juda koʻp narsa oʻrgandik, – deydi ozarbayjonlik kurs ishtirokchisi, katta praporshik Seymur Aslanov. – Oʻzbekistonlik hamkasblarimiz tayyorgarlik va mahoratini juda yuqori baholaymiz. Ular uchun yaratilgan shart-sharoitlar ham aʼlo darajada ekan. Mashgʻulotlar yuqori saviyada tashkil etildi, deb bemalol ayta olamiz. Bir soʻz bilan aytganda, oʻquv kursi biz uchun samarali boʻldi. Eng muhimi, biz bir-birimizni tarjimonsiz juda yaxshi tushungan holda ishladik.

Qardosh ozarbayjonlik harbiy xizmatchilar taʼkidlaganidek, oʻquv kursi ular uchun har tomonlama foydali boʻlmoqda. Boisi, ular dunyoning yetakchi togʻ tayyorgarligi markazlaridan birida oʻz bilim va koʻnikmalarini oshirmoqda.

Ishtirokchilarga oʻquv kurs yakunida sertifikatlar berilishi koʻzda tutilgan.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti