Qoraqalpogʻistonlik va xorazmlik yoshlar bilan yangicha tizimda ishlash boʻyicha maʼlumotlar berildi

0
1255

Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazida Mudofaa vazirligi tomonidan 2024-yilda qoraqalpogʻistonlik va xorazmlik yoshlarni otaliqqa olish hamda ular bilan manzilli ishlash tizimini amalga kiritish maqsadida yigʻilish boʻlib oʻtdi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni rahbarligida oʻtgan yigʻilishda joriy yil 12-yanvar kuni davlatimiz rahbari boshchiligida oʻtkazilgan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yigʻilishida yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlarini yangi bosqichga olib chiqish boʻyicha berilgan topshiriqlarni amalga oshirish mexanizmi, yoshlar bilan tizimli ishlarni olib borish uslubiyoti batafsil yoritib berildi.

Taʼkidlash joizki, harbiy xizmatchilar tomonidan otaliqqa olinadigan yoshlar alohida eʼtiborga muhtoj “ogʻir” toifadagi, jinoyatchilikka moyil, migratsiyadagi yoshlar, oliy taʼlim muassasalari talabalari, kollej va texnikumlar hamda maktab oʻquvchilari toifalariga boʻlinadi. Mazkur tizimni joriy etish maqsadida vazirlik va uning tarkibiy boʻlinmalarida shtablar tuzilib, viloyat va tuman (shahar) hokimlarining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosarlari rahbarligida hududlarda tashkil etilayotgan shtablarga shaxsiy tarkib ajratilishi belgilangan.

Harbiy xizmatchilar biriktirilgan mahalladagi yoshlarni oʻrganib, toifalarga ajratish boʻyicha bilan hamkorlik oʻrnatadi. Mahallada biriktirilgan yoshlarning 7 toifa boʻyicha nomma-nom roʻyxatini shakllantiradi. Yakka tartibda suhbatlar oʻtkazib, yashash sharoitlari va oilaviy ahvoli va muammolarni oʻrganib chiqadi. Muammolarga yechim topish boʻyicha “Mahalla yettiligi” bilan hamkorlik qiladi. Jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda huquqiy savodxonlikni oshirish boʻyicha tadbirlarni tashkil etadi. Yoshlarning bandligini taʼminlash boʻyicha ishlarni muvofiqlashtiradi. Mahallalarda oʻtkaziladigan harbiy-vatanparvarlik, madaniy-maʼrifiy va ommaviy sport tadbirlariga yoshlarni keng jalb etadi. Kunlik qilingan ishlar boʻyicha hisobotlarni tayyorlaydi.

Yigʻilish davomida har bir ofitserga biriktirilgan mahalla va undagi yoshlar, ular bilan tizimli ishlarni amalga oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berilib, hisobot va monitoring ishlarini tashkil etish boʻyicha maʼlumotlar yetkazildi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati