Iqtidorli talabalar oʻz loyihalari bilan Aloqa harbiy institutiga tashrif buyurdi

0
1096

2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasini amalga oshirishga oid davlat dasturida belgilangan vazifalarga muvofiq harbiy taʼlim darajasini yanada yuksaltirish, taʼlim sifatini ilgʻor xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, barqaror iqtisodiy oʻsishga erishish hamda bu boradagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish Mudofaa vazirligining oldiga qoʻyilgan asosiy vazifalaridan biridir.

Ushbu vazifalar ijrosini ta’minlash yo‘lida kuni kecha Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy institutiga Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Qarshi filiali iqtidorli talabalari bir nechta innovatsion loyihalar bilan tashrif buyurdi.

Harbiy bilim yurtida oʻtkazilgan “Yoshlar, kreativ taʼlim va innovatsiya tarafdori” shiori ostidagi davra suhbati doirasida oʻzaro fikr almashildi, hamkorlikda amalga oshiriladigan zamonaviy loyihalar boʻyicha takliflar bildirilib, tomonlar turli yoʻnalishlarda ikki tomonlama hamkorlik masalalari yuzasidan kelishib oldi.

Mehmonlar harbiy institut faoliyati, kursantlarning taʼlim olishlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar, zamonaviy oʻquv sinflari, ilmiy tadqiqotlar laboratoriyalari va Sohibqiron Amir Temur va sulton Jaloliddin Manguberdi tematik sinflari, shuningdek, amalga oshirilayotgan yangi innovatsion loyihalar bilan yaqindan tanishib, ofitserlar, professor-oʻqituvchilar va kursantlar bilan sohani rivojlantirish boʻyicha taklif va mulohazalari xususida suhbatlashdi.

Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti