Umrini harbiy topografiya sohasiga bag‘ishlagan inson

0
1328

Samarqand viloyati Faxriylar kengashi a’zolari 36 davomida Qurolli Kuchlar safida xizmat qilgan hamda harbiy topografiyaning rivoji uchun munosib hissa qo‘shgan 84 yoshli iste’fodagi polkovnik Xamza Luqmonovning xonadonida bo‘ldi.

Tashrif davomida mehmonlar ustozining holidan xabar olib, xizmat davrlarida erishgan yutuqlarini xotiralashdi. Dastlab, Xamza Luqmonov Toshkentdagi topografiya texnikumidagi yillari, muddatli harbiy xizmati, ofitserlik kursi va harbiy topografiya sohasiga kirib kelishi haqida gapirib ketdi.

Mazkur sohaning rivoji uchun u qo‘shni Qozog‘iston, Qizg‘iziston va Tojikiston hamda Leningradda ham xizmat qilish bilan birga ilmiy izlanishlar olib borgan, 1977-1989-yillar davomida Samarqand oliy harbiy avtomobil-muhandislik bilim yurtida kursantlarga dars bergan.

Mustaqillikka erishganimizdan, so‘ng Qurolli Kuchlarimizga ega bo‘ldik va bu yo‘nalishda kadrlarga ehtiyoj katta edi. 1992-yil topografiya sohasida bilimlarini yoshlarga ham o‘rgatish maqsadida Xamza Luqmonov qayta xizmatga chaqiriladi.

Umuman olganda ko‘p yillik hayotiy tajribaga ega, 1-darajali mehnat faxriysi bugungi kunda Vatanga xizmat oliy saodat ekanini farzandlari, nabiralari va shogirdlariga uqtirib, hamon o‘z tajribalarini yoshlar bilan bo‘lishib kelmoqda. 

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati