Davlat dasturi loyihasi muhokamada

0
1327

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatida Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi tomonidan “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi loyihasi muhokama qilindi.

Dastlab majlisda senatorlar jamoatchilik muhokamasiga qoʻyilgan loyiha “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan keng koʻlamli islohotlarni 2024-yilda samarali amalga oshirish, xalqimizning kundalik hayotida ijobiy oʻzgarishlarga erishish boʻyicha tizimli harakatlarni izchil davom ettirish, xavfsizlik va millatlararo totuvlikni taʼminlashga qaratilganini taʼkidladilar.

Xususan, jahonda sodir boʻlayotgan murakkab global jarayonlarni inobatga olgan holda Qurolli Kuchlarning qudrati, mamlakatning mudofaa qobiliyati va harbiy salohiyatini yanada oshirish, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash boʻyicha ishlab chiqilgan kompleks dasturga muvofiq, amaliy ishlarni jadallashtirishga ahamiyat berilgan. Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralar hamda xorijiy davlatlar armiyalari bilan hamkorlikda oʻtkaziladigan oʻquvlarni axloqiy-ruhiy jihatdan taʼminlash va psixologik tadbirlarni oʻtkazish hamda soha mutaxassislarining yetakchi xorijiy davlatlar armiyalarida tajriba almashish va malaka oshirishini tashkil etishga alohida eʼtibor qaratilgan.

Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Milliy gvardiya, Bojxona qoʻmitasi masʼul ofitserlari, qoʻmita ekspertlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan tadbirda kuch tuzilmalari harbiy xizmatchilari “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasidagi ustuvor yoʻnalish va maqsadlar doirasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida maʼruza qildi. Qizgʻin muhokamalar jarayonida davlat dasturi loyihasiga bir qator taklif va tavsiyalar berildi.

Qoʻmita majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga yongʻinlar profilaktikasi samaradorligini oshirishga qaratilgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish haqida”gi qonun ham muhokama qilindi. Qonunning maʼqullanishi mamlakatimizda yongʻin xavfsizligi bilan bogʻliq sodir boʻlishi mumkin boʻlgan huquqbuzarliklarning oldini olish, maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarni qonunlarga rioya etish va ularni hurmat qilish ruhida tarbiyalash, shuningdek uy-joy fondida oʻz xonadonida yongʻin xavfsizligi qoidalarining buzilishi oqibatida roʻy bergan yongʻinlar yuzasidan huquqbuzar deb topilgan fuqarolarning insonparvarlik tamoyili asosida ijtimoiy himoyasini taʼminlashga xizmat qiladi.

Tadbir yakunida qoʻmita raisi Qutbiddin Burxonov barchani “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini joriy yilda amalga oshirishga oid davlat dasturi loyihasi muhokamasida faol ishtirok etishga chaqirdi.

Katta leytenant Dilshod ROʻZIQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti